O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar 2030-yilgacha inflyatsiyadan yuqori sur’atlarda oshiriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yilga mo‘ljallangan budjetnomasida aytiladi.

Makroiqtisodiy va fiskal siyosatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan asosiy maqsadlariga ko‘ra, aholining real daromadlarini oshirish uchun budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini har yili inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshirish rejalashtirilgan.

Bunda davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga respublika byudjetidan ajratiladigan transfertlar hajmini qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Pensiya jamg‘armasining 2026-yil boshiga qoldiq mablag‘lari 3,9 trln so‘m, daromadlari 64,7 trln so‘m, xarajatlari esa 86,1 trln so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Pensiya jamg‘armasi taqchilligini qoplash uchun 2026-yilda byudjetdan 23 trln so‘mlik transfertlar ajratish rejalashtirilgan (13,8 foizga o‘sish).

Keyingi yillarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi taqchilligini qoplash uchun o‘tkazmalar hajmi pasayishini prognoz qilmoqda: 2027-yilda bu ko‘rsatkich 20 trln so‘mni, 2028-yilda esa 18 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

2027-yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 75 trln so‘mni, xarajatlari esa 95,1 trln so‘mni tashkil etadi. 2028-yilda daromadlar 87,8 trln so‘mga yetadi, xarajatlar esa 104,8 trln so‘mdan oshadi.

Kelgusi uch yil ichida O‘zbekistonda pensionerlar soni 489 ming kishiga ko‘payib, 4,76 mlnga yetadi. Shu bilan birga, har yili pensiya yoshiga yetadigan odamlar soni 5,1% ga — 2025-yildagi 305 mingdan 2028-yilda 321 minggacha o‘sadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, budjet xodimlari ish haqining har bir 1 foiz punktga oshirilishi budjetga 1,67 trln so‘mga tushmoqda. Pensiyalarning xuddi shunday o‘sishi — 861 mlrd so‘m. Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 10% ga oshsa, budjet xarajatlari qariyb 1,6 trln so‘mga ko‘payadi.

Budjetnomadagi ko‘rsatkichlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining joriy yil iyul oyida taqdim etilgan fiskal strategiyasidan keskin farq qiladi. O‘shanda 2028-yilda transfertlar 26 trln so‘mga yetishi kutilgandi. Ehtimol, pensiya islohoti orqali tejamkorlik ta’minlanadi.

Pensiya islohoti

2024-yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklandi.

Pensiya islohotlari konsepsiyasi loyihasini 2025-yil 1-martgacha Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirildi. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.

Aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazish taklif etildi.

Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.

Undan keyin Strategik islohotlar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda pensiya tizimini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, pensiya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish taklifi davlat ishtirokidagi pensiya fondini bekor qilishni nazarda tutmasligini ma’lum qildi.

Shuningdek, may oyida XVJning mamlakatdagi doimiy vakili Koba Gvenetadze O‘zbekistonda pensiya islohoti zarurligini ta’kidladi. U hozirgi pensiyaga chiqish yoshi (erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh) jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past ekanligini qo‘shimcha qildi.

“Pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirishni tavsiya etish mumkin, biroq buning uchun [pensiya islohoti] konsepsiyasini tasdiqlash zarur. Biz hukumatga bu zarur islohotni amalga oshirishda yordam beramiz”, — dedi u.

Iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga amaldagi pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qildi. Xususan, minimal pensiya yoshini oshirish va to‘lovlarni inflyatsiya darajasiga avtomatik ravishda indeksatsiya qilish taklif etildi.

XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat 2025-yilda pensiya islohoti loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti konsepsiyasini sentabrgacha prezidentga taqdim etish rejalashtirilgan.

O‘z navbatida, Pensiya jamg‘armasi ijtimoiy tarmoqlarda pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish taklifi bilan bog‘liq xabarlarga izoh berib, hozirda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini, ishlar o‘rganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida ekanligini qayd etdi.

Avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari yagona badal asosida pensiya olishlari mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti bo‘yicha bitim hamda uni amalga oshirishga oid ma’muriy kelishuv loyihasini kelishib oldilar.