Iqtisodiyot va moliya vazirligi “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida"gi qonun loyihasini eʼlon qildi.

Hujjatda 2026-yilda yalpi ichki mahsulotning 6,6% o‘sishi prognoz qilinmoqda. YIMning ko‘zlangan o‘sish surʼatlari sanoatda ishlab chiqarishni 6,4%, qishloq xo‘jaligida 4,2%ga, bozor xizmatlari 14,5%ga o‘sishi hisobiga taʼminlanishi prognoz qilinmoqda.

Loyihada o‘rta muddatda makroiqtisodiy, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari ham belgilangan. Xususan, YIMning yillik o‘sishi kamida 6,5−7% miqdorida taʼminlanadi.

2026−2028-yillarda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3% dan oshirilmaydi. Asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz saqlab qolinadi, tadbirkorlar uchun teng sharoit, qulay biznes muhiti yaratiladi.

Yashil soliqqa tortish va uni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqiladi. Soliq va budjet siyosati bosqichma-bosqich JSTning talablariga uyg‘unlashtiriladi.

2026−2028-yillar davomida davlat qarzini samarali boshqarish orqali YIMga nisbati 50% dan oshmasligi taʼminlanadi. Xalqaro ekspertlar bilan birgalikda natijaga asoslangan moliyalashtirish dasturi ishlab chiqiladi.

Ushbu maqsad va yo‘nalishlardan kelib chiqib, 2026-yil uchun budjet daromadlari 368,9 trln so‘m, xarajatlari esa 402,4 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 78,2 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 147,5 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, Davlat maqsadli jamg‘armalariga respublika budjetidan 73,6 trln so‘m transfertlar ajratish belgilangan.

Xususan, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 64,7 trln so‘m, xarajatlari 86,1 trln so‘mni tashkil etgan holda davlat budjetidan 23 trln so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Davlat moliyasini xalqaro standartlarga mos boshqarish maqsadida 2021-yildan tashqi qarz hisobidan moliyalashtiriladigan davlat dasturi xarajatlari konsolidatsiyalashgan budjet tarkibiga kiritildi. 2026-yilda ushbu xarajatlar 22,4 trln so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Kelasi yil umumiy fiskal balansda budjet taqchilligining yuqori chegarasi YIMga nisbatan 3% yoki 59,9 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Bunda, davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari taqchilligi 29,3 trln so‘m yoki prognoz qilinayotgan YIMga nisbatan 1,5% miqdorida rejalashtirilgan.

Hukumat tomonidan soliq-budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar natijasida budjetning birlamchi taqchilligi 2026-yilda YIMga nisbatan 0,2% gacha, 2027−2028-yillarda esa 0,1% gacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Budjet taqchilligi davlat qarzlarini jalb qilish, davlat aktivlarini xususiylashtirish hisobidan tushadigan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Hujjat bilan, 2026-yilda respublika budjeti daromadlari 292,9 trln so‘m miqdorida, shundan, QQS bo‘yicha tushum 84,6 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

2026-yilda O‘zbekiston nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilinadigan tashqi qarzlarning yillik cheklangan hajmi $5 mlrd etib belgilanmoqda. Uning $2,5 mlrd qismi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, jumladan taqchillikni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Qolgan $2,5 mlrd esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun ishlatiladi.

Bundan tashqari, davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish hamda valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2026-yil uchun O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 30 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Davlat budjeti oldidagi xatarlarni kamaytirish maqsadida, davlat tomonidan majburiyatlar va tasdiq xatlari berilishi talab etiladigan DXSH tamoyillariga asoslangan loyihalar uchun yuqori qiymat chegarasi $6,5 mlrd etib belgilanadi.


Spot, avvalroq, 2025-yil uchun davlat budjeti loyihasida nimalar belgilanayotgani haqida yozgandi.