Google Gemini sun’iy intellekt platformasida o‘zbek tili rasman joriy etildi, deya xabar bermoqda Raqamli texnologiyalar vazirligi.
Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Sun'iy intellekt davrida yetakchilik: strategiya va innovatsiya” panel sessiyasida e’lon qilindi.
Muhokama ishtirokchilari qatorida bo‘lgan Google Cloudning hukumatlar bilan aloqalar va davlat siyosati bo‘yicha rahbari Marina Junich Google Gemini platformasi endi o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlayotganini ma’lum qildi.
“Ushbu yangilik O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, mahalliy mutaxassislar, tadbirkorlar va aholi uchun zamonaviy AI yechimlaridan o‘zbek tilida foydalanish imkoniyatini yaratadi”, deyiladi xabarda.
Sentabr oyida Google yana 40 ta mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda yangi Google AI Plus obunasini ishga tushirishini e’lon qildi. Foydalanuvchilar Google sun’iy intellektining kengaytirilgan imkoniyatlaridan arzonroq narxda — oyiga taxminan $5 (bir qator mamlakatlarda yarim yilga 50% chegirma amal qiladi) foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq OpenAI kompaniyasi ChatGPT o‘zbek tilini ishonch bilan tushunayotgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya One Million AI Leaders dasturi bo‘yicha o‘qitish uchun o‘z kurslari va tajribasini taqdim etadi.
Bundan tashqari, til modellarini mahalliy sharoitga moslashtirish uchun o‘zbek tilida ma’lumotlar korpusini yaratish mavzusiga ham to‘xtalib o‘tildi. OpenAI vakillari o‘z modellari “o‘zbek tilini ishonch bilan tushunishini” ta’kidlab, bu yo‘nalishda hamkorlikda ishlashga qiziqish bildirdi.
Tomonlar uchta yo‘nalish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar:
- O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ChatGPT Edu dasturini joriy etish;
- ommaviy sun’iy intellekt ta’limini rivojlantirish;
- startap loyihalar va xakatonlarni qo‘llab-quvvatlash.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda sunʼiy intellekt bo‘yicha President AI Award tanlovi o‘tkazilishi haqida yozgandi. 2030-yilga qadar sohani rivojlantirishga $1 mlrddan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etiladi.
