Shavkat Mirziyoyev kelajakda Urgutda aeroport qurishga va’da berdi. Bu haqda u 25-noyabr kuni Urgut tumani faollari bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston 24 telekanali.
O‘tgan hafta prezident joriy yilning fevral oyi oxirida qurilishi boshlangan Samarqand-Urgut yangi temir yo‘l liniyasini qurish ishlarining borishi bilan tanishdi. Yo‘nalish 2025-yil oxirida ishga tushirilishi kutilmoqda.
Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga poyezdda Urgutga bordi. Safar davomida temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish, liniyalarni elektrlashtirish va atrofini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Yo‘lda menga „Urgutga temir yo‘l olib keldingiz, endi aeroport qurib bering, demasin“, deyishyapti. „Nimaga aeroport qurmas ekanman? Kelajakda qurib beraman“, dedim. Buni amalga oshiramiz, Xudo xohlasa, nimaga qilmaymiz?”, — dedi prezident.

Mirziyoyev Samarqand viloyati kengashi yig‘ilishidagi nutqida aholi soni bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinni egallagan Urgut tumanini alohida ta’kidladi — 600 mingdan ortiq kishi. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida $860 mlnlik loyihalar amalga oshirilishi orqali tuman Samarqand viloyatining eng yirik sanoat markazlaridan biriga aylandi.
Prezident Urgutni O‘zbekistonning eng zamonaviy shaharlaridan biriga aylantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni e’lon qildi. Quyi Kamangaron mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massivi yonida yangi urbanizatsiya tamoyillari asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan eko-shaharchalar barpo etish rejalashtirilgan.
Yangi shaharchada yo‘llar, suv ta’minoti, kanalizatsiya, elektrlashtirish, ijtimoiy infratuzilma va biznesni rivojlantirish uchun $50 mln ajratiladi. 3 gektar maydonda 35 ta davlat muassasasi uchun yagona ma’muriy markaz joylashadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilar oqimi yil boshidan buyon 14% ga, yuk tashish 12% ga oshgani haqida yozgandi.
