Samarqand viloyatining Jomboy tumanidan Urgut tumanigacha temir yo‘l tarmog‘i tortiladi. Bu haqda “UzA” xabar berdi.

“Toshtemiryo‘lloyiha” tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja asosida ushbu temiryo‘l qurilishi boshlandi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va boshqa mas’ullar ishtirokida uning tamal toshi qo‘yildi.

Mazkur temiryo‘lning uzunligi 50 km.dan ortiqni tashkil etib, uning Jomboy, Samarqand, Toyloq va Urgut tumanlaridan o‘tishi rejalashtirilgan.

Bunda yangi tarmoq Jomboy tumanidagi “MAN” zavodi yaqinidan boshlanib, 4R-238 avtomobil yo‘lini kesib o‘tadi hamda Zarafshon daryosi bo‘ylab, uning ustida barpo etiladigan ko‘prik orqali Urgutga boradi. Qurilish ishlarida zamonaviy muhandislik yechimlari hisobga olingani qayd etildi.

poyezd qatnovi, samarqand, temir yo‘l, urgut

Mazkur tumanlarning aholi gavjum hududlarida bekatlar tashkil etiladi. Xususan, Tojikiston bilan chegaradosh Urgut tumanidagi “Jartepa” chegara bojxona posti yaqinida bekat quriladi. Bu tojikistonliklarga ham O‘zbekiston bo‘ylab temir yo‘l orqali sayohat qilish imkonini berishi kutilmoqda.

“Yangi tarmoq mamlakat temir yo‘l sohasidagi yirik loyihalardan biri. Bu orqali nafaqat „Urgut“ EIZ korxonalarining transport tarmog‘i yaxshilanadi, balki aholi uchun ham qulaylik yaratiladi, hududda sayyohlik rivojlanadi”, — deydi “Temiryo‘lloyiha” direktori Rasuljon Ro‘ziyev.

Yanvar oyida Toshkent-Xojikent temir yo‘li Chinorkentgacha uzaytirilgandi. Uzunligi qariyb 24 km bo‘lgan Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishi boshlandi.

Avvalroq transport vaziri Ilhom Mahkamov Transafg‘on temir yo‘li qurilishi 2025-yilda boshlanishini ma’lum qilgandi. O‘zbekiston Eron va Pokiston portlariga chiqish uchun temir yo‘lni uzaytirish bo‘yicha donorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.