Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Humans va Humans Companies kompaniyasi Asia Alliance Bank oldida moliyaviy majburiyatlari borligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Asia Alliance Bank matbuot xizmati e’lon qilingan ma’lumotlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Xususan, Asia Alliance Bank Humans va Humans Companies kompaniyalar guruhi bank oldida bir qator majburiyatlarga ega ekanligini ta’kidladi.
Tuzilgan shartnomalar shartlari muntazam ravishda buzilganligi va o‘z zimmasiga olingan majburiyatlar bajarilmaganligi sababli, bank qarzdorlikni undirish tartibini boshlashga majbur bo‘lgani qayd etildi.
Tegishli ishlarni sud instansiyalarida ko‘rish jarayonida Asia Alliance Bank tomonidan 65 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirish bo‘yicha da’vo arizalari kiritilgan.
Bank konstruktiv muloqot uchun ochiq bo‘lib qolishi va yuzaga kelgan vaziyatga o‘z pozitsiyasi bo‘yicha tushuntirish berishga tayyorligini ma’lum qildi.
Joriy yilning 8-may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi Humans kompaniyasidan O‘zbektelekom tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlikni undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Humans’ning O‘zbektelekom oldidagi umumiy qarzdorligi 520 mlrd so‘mdan oshadi.
Iyun oyida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Humans’ga Octobank oldidagi qarzdorlikni to‘lash majburiyatini yukladi. Dastlab, bank Humans kompaniyasidan qarzdorlik va ko‘rilgan zarar uchun 500 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya talab qilgan. O‘z navbatida, Humans Octobank’dan bank tomonidan Maroqand to‘lov tashkilotidan olingan 403,7 mlrd so‘mlik asossiz daromadni qaytarishni talab qilgandi.
Avvalroq Humans sobiq top-menejeri O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini tashkil etganlikda ayblanib ushlangani haqida xabar berilgandi. Behzod Botirov iyul oyida qo‘lga olingan, qamoq muddati 2026-yilning fevraligacha uzaytirilgan. Ish ILMA so‘rovidan so‘ng qo‘zg‘atilgan.
