Shavkat Mirziyoyev “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan Invest Asia korxonasida bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Korxona qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirda ichki bozordagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60%i, stretch plyonkalarning 40%i aynan shu korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Majmua 60 gektar maydonda barpo etilgan bo‘lib, hozirgi paytda 2,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.

Qadoqlash mahsulotlari oziq-ovqatdan tortib, farmatsevtika, sanoat, qurilish va maishiy kimyogacha bo‘lgan ko‘plab sohalar uchun zarur. Ularning sifati mahsulotning xavfsiz saqlanishi, transportirovkasi va bozorga o‘z vaqtida yetkazilishiga bevosita taʼsir qiladi. Shuning uchun ham bunday mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish import xarajatlarini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini taʼminlaydi va ishlab chiqaruvchilar uchun xarajatlarni sezilarli qisqartiradi.

Korxona mamlakatda bioaksial yo‘naltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona hisoblanadi. Bu plyonka eng keng qo‘llaniladigan qadoqlash materiali bo‘lib, mustahkam va yengilligi bilan ajraladi.

Joriy yilning o‘n oyida korxonada 1,9 trln so‘mlik mahsulot tayyorlangan, $23 mlnlik eksport amalga oshirilgan. Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSH kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanilmoqda.

Prezident korxonada amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi. Kelgusi rejalar bilan tanishdi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun — noto‘qima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi kutilmoqda. Bunday matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xo‘jaligida keng qo‘llaniladi.

Barcha loyihalar to‘liq quvvatga chiqqach, ish o‘rinlarining soni 10 mingtaga yetishi, polimerni qayta ishlash quvvati 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Davlat rahbari shu yerda viloyatda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan va yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan xorijiy investorlar bilan ham muloqot o‘tkazdi. Hudud iqtisodiyoti, aholi bandligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan har bir loyiha davlat tomonidan, albatta, qo‘llab-quvvatlanishi taʼkidlandi.

Investorlar mamlakatdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitini yuqori baholab, biznes uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda amaliy ko‘mak uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.


Spot, avvalroq, Jizzaxda fermer va dehqonlarga xizmat ko‘rsatuvchi agromarkaz ochilgani haqida yozgandi.