Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda Toshkentdagi sanoat korxonalari bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga ko‘chirilayotgani aytib o‘tildi.
Taʼkidlanishicha, ularning ko‘pchiligi mehnat resursi, infratuzilmasi bor, yer-mulk solig‘i arzonroq bo‘lgan joylarni izlamoqda. Bu borada Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida bo‘sh turgan yerlarga poytaxtdagi mavjud quvvatlarni joylashtirish uchun juda katta imkoniyat borligi qayd etildi.
Shu bois, Toshkent shahridagi korxonasini Sirdaryoga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taklif etiladi. Ularga 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Xomashyoni temir yo‘li orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanadi.
Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan 1140 ta sanoat korxonasidan 129 tasi past quvvatda ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu korxonalar butlovchi va ehtiyot qismni asosan chetdan yoki mamlakatning boshqa hududidan olib kelayotgani uchun tannarx bo‘yicha raqobatlasha olmayapti.
Agar butlovchi va ehtiyot qismlar hududning o‘zida ishlab chiqarilib, kooperatsiya yo‘lga qo‘yilsa, tannarxni bemalol 10% gacha kamaytirish mumkinligi qayd etildi.
Shu bois, “Farovon” kichik sanoat zonasiga tutash 200 gektarda butlovchi qismlar ishlab chiqarish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu hudud temir yo‘l bo‘yida joylashgani, elektr tarmog‘i o‘tgani uchun infratuzilmaga qo‘shimcha mablag‘ talab qilinmaydi.
Viloyat hokimligiga bu yerda $800 mlnlik mahalliylashtirish loyihalarini boshlash topshirildi.
Avvalroq Gulistonda 5 ming ish o‘rinli O‘zbekiston — SHHT savdo va sanoat zonasi tashkil etilishi aytilgandi.
