Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Poytaxtda yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazi yaratiladi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbariga aholini eng ko‘p qiynayotgan muammolardan biri — tirbandlik va uning ekologiyaga salbiy ta’siri bo‘yicha axborot berilganini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, Toshkent shahrining rivojlanishi tezlashayotgani sababli harakatlanayotgan mashinalarning soni ham ortib bormoqda. Poytaxt avtomobil yo‘llari 400 ming avtomashinaga mo‘ljallangan, biroq hozir ko‘chalarda 1 mlndan ortiq avtomobil harakatlanmoqda.
“Biz mavjud muammoni xorijiy, jumladan, Seul, Shenjen, Dubay va Moskva tajribasi asosida o‘rganib, kompleks yechimlarni taqdimot etdik. Bugungi kunda to‘g‘ridan to‘g‘ri oltita soha vakillari yo‘llarimizni boshqarsa, yana oltitasi kommunal infratuzilmani ta’mirlash kabi ishlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Boshqaruv bir qo‘lda bo‘lmaganligi sababli esa yo‘llarimizda tirbandlik bor, infratuzilmani rivojlantirishning aniq strategiyasi yo‘q”, — dedi hokim.
Shu bilan birga, u xorijiy davlatlarda har bir megapolis qoshida yo‘l harakatini boshqaruvchi markaz tashkil etilib, ularga yo‘l infratuzilmasining barcha funksiyalari berilishini qayd etdi.
Umurzakovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazi yaratilgach, uning birinchi vazifasi poytaxt yo‘llarining master-rejasini ishlab chiqish bo‘ladi. O‘z navbatida, master-reja jamoat transportida yurish, mikromobillik (elektr skuterlar va velosipedlar) orqali harakatlanish, yuk va yengil avtomobillarda yuradigan yo‘lovchilarni inobatga olishi kerak.
“Yuk avtomobili yoki mikromobillik qaysi ko‘chadan qachon yurishi mumkin deganda, yo‘llarimiz yaxshi rivojlanmaganligini inobatga olsak, velosiped yoki boshqasida harakatlanayotgan yo‘lovchi muayyan 5 kilometrgacha borib, keyin to‘xtaydi, xohlagan manziliga esa yetib bora olmaydi. Biz aholiga kerakli manzilga yengil avtomobildan ko‘ra, jamoat transportida tezroq yetib borish mumkinligi bo‘yicha aniq hisob-kitoblarni yetkaza olmayapmiz”, — dedi poytaxt hokimi.
Shavkat Umurzakov yangi markaz master-reja asosida avtomobil yo‘llarini rivojlantirish va ta’mirlash ishlarini olib borishini aytdi. Buning uchun alohida dastur ishlab chiqilib, har bir fuqaro yoki shahar mehmonlari mobil ilova orqali kerakli manzilga qanday qilib tez yetib olish mumkinligini aniq ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Agar yo‘lda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, yo‘lovchiga ogohlantirish berilib, muqobil yo‘l taklif etiladi.
Poytaxt hokimi barcha ishlarni raqamlashtirishsiz amalga oshirish mumkin emasligini ta’kidladi. Buning uchun hozirda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Mavjud muammolar master-rejaga kiritilgach, raqamlashtirish orqali ularning yechimlari hamda nazorat mexanizmi joriy etiladi. “Bu bizga shaffoflik va tezlik imkonini beradi”, — dedi u.
“Markaz tashkil qilinganidan keyin o‘z funksiyasini bajara boshlasa, yo‘llardagi tirbandlik kamida 30−40% ga qisqaradi. Prezidentimiz tegishli ko‘rsatmalarni bergan holda ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladilar. O‘ylaymanki, bu o‘zgarishlar nafaqat tirbandlikning oldini oladi, balki hozirgi eng katta muammo — ekologiyaning zararlanishi, changlanish va avtomobillardan chiqayotgan zararli moddalarni 15% gacha kamaytiradi”, — deya xulosa qildi Umurzakov.
Markaz kameralar, datchiklar, GPS vositalari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qiladi. Davlat rahbari 2025-yilda poytaxtda pilot loyihani ishga tushirish, kelgusi yillarda esa uni kengaytirish, 2030-yilgacha hududlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.
Avvalroq sun’iy intellekt yordamida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash tizimini yaratish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.
