Apple 2026-yil boshida rahbariyatda katta o‘zgarishlar bo‘lishini e’lon qildi.

Yanvar oyida kompaniyani barcha ekologik va ijtimoiy dasturlarni nazorat qilgan vitse-prezident Liza Jekson tark etadi, uning ortidan esa bosh huquqshunos Keyt Adams nafaqaga chiqadi.

O‘zgarishlar shu bilan tugamaydi. Joriy yil boshida Apple operatsion direktori Jeff Uilyams nafaqaga chiqdi va keyingi yil boshida kompaniya Apple Intelligence’ni ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan katta vitse-prezident Jon Jannandrea bilan xayrlashmoqda.

Bosh yuriskonsult lavozimini Jennifer Nyusted egallaydi, Liza Jeksonning lavozimi esa bekor qilinadi: atrof-muhit masalalari bo‘yicha jamoa Apple’ning yangi operatsion direktori Sabih Xonga qayta bo‘ysundiriladi.

Apple bosh direktori Tim Kukning o‘zi ham, mish-mishlarga ko‘ra, 2026-yil boshida, joriy moliyaviy chorakdagi foyda haqida hisobot berganidan so‘ng darhol o‘z lavozimini tark etadi.

Uning o‘rniga asosiy nomzod Apple kompaniyasining apparat ta’minoti bo‘yicha katta vitse-prezidenti Jon Ternus bo‘lib qolmoqda.

Apple direktorlar kengashi va katta rahbarlari kompaniya bosh direktorini o‘zgartirishga tayyorgarlikni “faollashtirdi,” deb yozadi Financial Times manbalarga tayanib.

Kukning ehtimoliy ketishi kompaniyaning joriy natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan “uzoq rejalashtirilgan” qadam bo‘lib, u yilni iPhone’ning “yuqori” sotuvlari bilan yakunlashi mumkin, deya ta’kidlaydi nashr.

Tim Kuk Apple’ga 2011-yilning yozida kompaniya asoschilaridan biri Stiv Jobs o‘rniga kelgandi. Bu vaqt ichida Apple’ning bozor kapitallashuvi $350 mlrddan $4 trlngacha o‘sdi.


Avvalroq Apple past talab tufayli keyingi iPhone Air modelining chiqishini kechiktirgani haqida xabar berilgandi.

2025-yilda flagman iPhone’ga nozik va yengil muqobil sifatida taqdim etilgan iPhone Air modeli kompaniyaning umidlarini oqlamadi.