Apple kompaniyasi dastlab rejalashtirilganidek, 2026-yilda iPhone Air’ning yangi versiyasini chiqarmaslikka qaror qildi.
Qaror joriy modelning kam sotilishi bilan bog‘liq, deb yozadi Reuters The Information’ga tayanib.
2025-yilda flagman iPhone’ga nozik va yengil muqobil sifatida taqdim etilgan iPhone Air modeli kompaniyaning umidlarini oqlamadi.
Konsepsiyaga bo‘lgan qiziqishga qaramay, qurilma xususiyatlari bo‘yicha sezilarli darajada past bo‘lib chiqdi: kamroq avtonom ishlash vaqti, 8 marta kattalashtiradigan teleobyektivning yo‘qligi, ikkita o‘rniga bitta karnay, sekinroq USB-C porti va past zaryadlash tezligi. Bundan tashqari, smartfon iPhone 17 Pro‘dagi 6 yadroli GPU o‘rniga 5 yadroli GPU oldi.
Natijada iPhone Air tijoriy muvaffaqiyatga emas, balki marketing tajribasiga aylandi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, modelga bo‘lgan talab prognozdan ancha past bo‘lgan.
Ayniqsa, qurilma Xitoy va Rossiya bozorlarida o‘zini juda yomon ko‘rsatdi. Xitoyda sotuvlar SIM kartalar uchun jismoniy slotsiz eSIM versiyasi ma’qullanganidan so‘ng boshlandi, biroq qiziqish cheklangan edi.
Rossiyada iPhone Air buyurtmalarining ulushi sentyabr oyida 4%dan oshmadi, iPhone 17 seriyasi esa umuman olganda yuqori talabga ega edi.
Manbalarga ko‘ra, iPhone Air’ning keyingi avlodi loyihasi noma’lum muddatga qoldirilgan. Apple unga faqat qurilma konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish sharti bilan qaytishi mumkin.
Avvalroq Apple iPhone’ga shaxsiy SI-shifokor funksiyasini qo‘shishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya taqdim qiladigan iOS 27 da salomatlik ko‘rsatkichlarini kuzatish uchun SI-agent paydo bo‘ladi.
