Toshkentda transport tizimi boshqaruvi takomillashtiriladi va yo‘llarda tirbandliklarning oldi olinadi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Toshkent shahri transport tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, aholining jamoat transportidan foydalanish darajasi 60% ga yetkaziladi.
Avtobusning o‘rtacha harakat tezligi 18 km soatdan 24 km soatga oshiriladi. Transport vositalari uchun 150 ming o‘rinli to‘xtab turish joylari tashkil etiladi. Metropoliten tarmog‘i uzunligi 70,5 kmdan 103 kmga uzaytiriladi.
Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etiladi. Markaz raqamli va “yashil” texnologiyalar yordamida poytaxtda yo‘l harakatini tashkil etadi. Buning uchun esa transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimlari uzluksiz monitoring qilib boriladi.
Shu bilan birga, markaz Toshkentning transport master rejasini yaratadi. Hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yo‘llaridagi jamoat transporti bosh bekatlari kesishmalarida transport vositalarining ko‘p qavatli “parkovka"larini tashkil qiladi.
Yerusti metro liniyalari hamda yo‘l o‘tkazgichlari ostida transport vositalarining to‘xtab turish joylari tashkil etiladi.
3-dekabr kuni prezident Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishgandi. Yig‘ilishda Toshkentda sinov tarzida yagona yo‘l harakati markazi ochilishi taʼkidlandi. Davlat rahbari pilot loyihani joriy yilning o‘zidayoq ishga tushirishni topshirgan edi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov poytaxtda yo‘l infratuzilmasini boshqarishning yagona tizimi mavjud emasligi tirbandliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolayotganini aytgandi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi natijasida tirbandlik 40% gacha kamayishi taʼkidlandi.
Avvalroq 2026-yilda Toshkent metropoliteni yana 56 ta yangi vagon sotib olishi haqida xabar berilgandi.
