Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar davomida amaliy hamkorlikni kengaytirish, energetika sohasida zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yechimlarini joriy etishga qaratilgan o‘zaro manfaatli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonda loyihalar amalga oshirishga qiziqishi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgina joriy yilda Xitoydan $15 mlrddan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan, qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli esa qariyb $90 mlrdni tashkil etmoqda.

Ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida energetika sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xitoylik sheriklar ishtirokida umumiy quvvati qariyb 10 gigavatt, qiymati $9 mlndan ortiq 30 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugun qo‘shimcha ravishda qariyb $2 mlrdlik 14 ta loyiha ishga tushirildi.

China Datang kompaniyasi prezidenti Djou Yuanlong bilan mavjud fotoelektr stansiyalarini kengaytirish, yangilarini qurish va qo‘shimcha saqlash quvvatlarini barpo etish rejalari muhokama qilindi.

Kompaniyaning kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ochish, qishloq xo‘jaligi va chorvachilikda qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

China Energy Engineering Corporation kompaniyasi rahbari Syu Lyu bilan suhbatda mamlakat hududlarida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish bo‘yicha qo‘shma saʼy-harakatlar yuqori baholandi.

Muqobil energetika va yuqori kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish loyihalarini ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Sinoma Energy kompaniyasi raisi Men Sinlin shamol elektr stansiyasi hamda shamol turbinalari uchun parraklarni mahalliylashtirish uchun zavod qurilishining borishi haqida axborot berdi. Shuningdek, kimyo va qurilish sanoatida chiqindilarni tozalash bo‘yicha kompaniya taklif etayotgan texnologik yechimlar yuzasidan fikr almashildi. Ushbu loyihalarga doir ishlarni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Universal Energy kompaniyasi bosh direktori Nan Yi bilan mamlakat hududlarida shamol elektr stansiyalari qurilishini jadallashtirish choralari muhokama qilindi.

China General Technology kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Kan Xubyao bilan yangi ishga tushirilgan kogeneratsiya stansiyasini samarali ishlatish muhokama qilindi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbari Poly Changda Engineering kompaniyasi bosh direktori Myao Szechunning kelgusi yilda bugun ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasining mantiqiy davomi sifatida energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda energetika bo‘yicha $11 mlrdlik 42 ta yangi obyektlar ishga tushirilgani haqida yozgandi.