9-dekabrdan boshlab Toshkent metrosida 16 ta bekatda kassalar yopilib, infokioskalar ishga tushiriladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
“Toshkent metropoliteni rahbariyati to‘lov tizimida shaffoflikni ta’minlash, xizmat sifatini oshirish hamda elektron to‘lovlarni rag‘batlantirish maqsadida bir qator bekatlarda kassalar faoliyatini to‘xtatmoqda”, — deyiladi xabarda.
Xususan:
- “Yerusti xalqa yo‘li” yo‘nalishidagi barcha 14 ta bekatda,
- “Paxtakor” va “Alisher Navoiy” bekatlarida kassalar yopiladi.
Ushbu bekatlarda kassalar o‘rniga yangi QR-kodli chiptalar beruvchi apparatlar — infokioskalar ishga tushirilgan.
Iyul oyi boshida metroning 13 ta bekatidagi ayrim kassalar naqd puldagi to‘lovlar uchun yopildi. Ayrim metro bekatlaridagi vestibyullarda joylashgan kassalarda chiptalar xaridi keskin kamaygan. Ularning o‘rniga QR-chiptalarni sotib olish uchun maxsus terminallar o‘rnatiladi.
Avgust oyida Toshkent metrosidagi barcha kassalar yil yakuniga qadar yopilishi haqida xabar berilgandi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Toshkent metrosida yo‘l haqini to‘lashning 10 dan ortiq turi mavjud. Metrodan kamdan kam foydalanuvchilar hamda poytaxt mehmonlari uchun bekatlarda chipta sotib olishga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatilmoqda.
Natijada kassa operatori lavozimidagi xodimlariga bo‘lgan talab kamayib bormoqda. Shundan kelib chiqib, yopilgan kassalardagi operator lavozimi ish o‘rinlari bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Birinchi bosqichda 204 ta kassa operatori lavozim shtatlari bekor qilindi.
Yil yakuniga qadar avtomatlashtirilgan bankomatlarni metroning barcha bekatlarida o‘rnatish rejalashtirilgan. Shu bois Toshkent metropolitenida kassa operatori va katta operator lavozimlari to‘liq tugatiladi.
