O‘zbekneftgaz va Ozarbayjonning SOCAR neft-gaz kompaniyasi Ustyurt mintaqasidagi loyihani amaliy joriy etishga kirishdi. Bu haqda O‘zbekneftgaz boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, davlat kompaniyasi neft-gaz sohasida $10 mlrdlik loyihalarni taklif etgan. Shulardan biri SOCAR bilan hamkorlikda Ustyurt platosida amalga oshirilayotgan loyihadir.

Birinchi bosqich doirasida tomonlar dala seysmik-qidiruv ishlarini boshlaydilar, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat rahbarlarining topshirig‘iga ko‘ra loyiha bo‘yicha ishlarni tezlashtiradilar.

“Bu loyihadan katta umidlarimiz bor. Biz uchta senariy ishlab chiqdik va hatto eng noqulay holatda ham loyiha neft mahsulotlari importidan voz kechishimizga yordam beradi”, deya ta’kidladi Sidiqov.

ustyurt, o'zbekneftgaz, socar, neft-gaz

Joriy haftada Ustyurt neft-gaz mintaqasining investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi Mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha loyiha operatori — Ustyurt Operating Company kompaniyasining ofisi ochildi.

O‘zbekneftgaz tomonidan ta’kidlashicha, qisqa vaqt ichida mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi, operatorlik kompaniyasi tashkil etildi va ro‘yxatdan o‘tkazildi, professional jamoalar shakllantirildi va zarur ruxsatnomalar olindi. Hozirda dala geologiya-qidiruv ishlarini olib borishga tayyorgarlik boshlangan.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Ustyurt Operating Company 2025-yil sentabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali 3,7 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya “neft va tabiiy gaz qazib olish sohasida texnik xizmatlar” bilan shug‘ullanadi. Yagona ta’sischisi — SOCAR BTBK LLC, rahbari etib Mammadov Rizvan Aydin o‘g‘li ko‘rsatilgan.

ustyurt, o'zbekneftgaz, socar, neft-gaz

Ustyurt platosidagi loyiha

2024-yil avgust oyida O‘zbekneftgaz va SOCAR neft-gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Ozarbayjon davlat kompaniyasi Ustyurt platosida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi.

Joriy yilning 24-iyul kuni Ozarbayjon kompaniyasi bilan Ustyurt platosida mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimni imzolandi. Loyiha doirasida seysmik va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, uglevodorodlar qazib olish rejalashtirilgan.

Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan Ustyurt platosi bo‘ylab mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuv O‘zbekistonga importni to‘liq qoplash va chorak asr davomida neftga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash imkonini beradi. Qazib olingan gaz ichki bozorga yo‘naltiriladi, sanoat esa “arzon va sifatli neft mahsulotlari” bilan ta’minlanadi.

Uch bosqichda amalga oshiriladigan loyiha doirasida qariyb $2 mlrd sarmoya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Rejalashtirilgan zaxiralar — 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gaz. Ustyurt platosida yiliga 5 mln tonna neft qazib olish rejalashtirilgan — bu hozirgi importdan 2,5 baravar ko‘p.

Avgust oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev SOCAR O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishganini ma’lum qilgandi. “Umid qilamizki, yaqin bir-ikki yil ichida biz yaxshi yangiliklarga ega bo‘lamiz. Barchamiz O‘zbekistonda yirik neft koni ochilishi haqidagi xabarni intiqlik bilan kutmoqdamiz”, — dedi u.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston sanoati tarixida birinchi marta Ustyurt platosida 6,5 ming metr chuqurlikda “ulkan gaz zaxiralari” aniqlanganini e’lon qildi.

Avvalroq Spot Siemens Energy O‘zbekiston gaz transport tizimini elektrlashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.