Octagram (Paylov savdo belgisi) firibgarlik tranzaksiyalari uning tizimidagi zaiflikdan kelib chiqqani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

6-dekabr kuni kompaniya xodimlari tomonidan Humans Companies’da shubhali tranzaksiyalar kuzatilayotgani haqida kompaniyaning mas’ul xodimlari ogohlantirilib, tranzaksiyalar vaqtincha to‘xtatilgan.

Bir kundan keyin, 7-dekabrda Humans Companies Octagram’ga rasmiy murojaat yo‘llab, tegishli choralar ko‘rilgani hamda firibgarlik (frod) operatsiyalarining oldi olingani haqida ma’lum qilgan. Kompaniya mazkur xat asosida amaliyotlarni qayta ochib berishni so‘ragan.

8-dekabr holatiga ko‘ra, Octagram tomonidan Humans mobil ilovasi orqali ko‘rsatilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

“Octagram tomonidan har qanday texnik zaiflik mavjud emasligi, texnik jihatdan barcha zarur choralar ko‘rilgani ma’lum qilinadi. Firibgarlik operatsiyalari Humans Companies tomonidan Octagram taqdim etgan shifrlangan kalitlar orqali amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu kalitlarning to‘g‘ri va xavfsiz saqlanishi Humans Companies mas’uliyati hisoblanadi”, — deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, Octagram’ning texnik yechimlaridan foydalanayotgan boshqa barcha hamkorlar tizimlarida hech qanday salbiy holatlar kuzatilmagani qo‘shimcha qilindi.

Ayni paytda holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan hamda Octagram barcha zarur ma’lumotlarni mas’ul organlarga taqdim etmoqda.

Xizmat tekshiruv natijalariga ko‘ra qo‘shimcha rasmiy axborot berilishi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda murojaat qilinishini qayd etdi.

9-dekabr kuni Humans foydalanuvchilari puli o‘g‘irlanishi ortidan Markaziy bank ushbu mobil ilova orqali o‘tkazmalarni to‘xtatdi. Holat yuzasidan tezkor tekshiruv boshlandi, barcha tranzaksiyalar va texnik jarayonlar o‘rganilmoqda.

Undan keyin, Humans firibgarlik holatini kompaniya hamkori — huquq egasi Octagram bo‘lgan Paylov to‘lov xizmatining texnik konturida bo‘lgan texnik zaiflik bilan izohladi. Humans materiallarni Markaziy bank va huquq-tartibot idoralariga topshirgan.