Hyundai Rotem O‘zbekistonga yuqori tezlikdagi poyezdlarining birinchi partiyasini jo‘natdi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portida O‘zbekiston uchun ishlab chiqarilgan Hyundai Rotem yuqori tezlikdagi poyezdlari birinchi partiyasini rasmiy jo‘natish marosimi bo‘lib otdi.

Marosimda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi, Koreya hukumati vakillari va Hyundai Rotem rahbarlari ishtirok etdi.

“Jaloliddin Manguberdi” nomi berilgan O‘zbekistonning yangi yuqori tezlikdagi temir yo‘l parkining birinchi poyezdi Hyundai Rotem tomonidan O‘zbekiston temir yo‘llari bilan 2024-yil iyun oyida imzolangan shartnoma doirasida ishlab chiqarildi.

Birinchi partiya yetti vagondan iborat bo‘lib, 2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga yetkazilishi kutilmoqda.

Hyundai Rotem 2027-yilgacha qolgan o‘ttiz beshta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Yetkazib beriladigan poyezdlar O‘zbekiston sharoitlarini hisobga olgan holda loyihalashtirilgan. Ular o‘ta issiq va qum bo‘ronlari sharoitida barqaror ishlashni ta’minlovchi changdan himoyalovchi tuzilma hamda Koreya standart izidan (1435 mm) kengroq bo‘lgan 1520 mm kenglikdagi yo‘llar uchun mo‘ljallangan aravachalar bilan jihozlangan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimot qilingani haqida xabar berilgandi.

Unda kelgusi yillarda yangi ochiladigan yo‘nalishlar va qurilayotgan yo‘llar uchun lokomotiv va vagonlar parkini kengaytirish bo‘yicha rejalar bayon etildi.

Xitoydan 38 ta magistral lokomotiv, 50 ta manyovrli va gibrid manyovrli lokomotiv xarid qilish rejalashtirilgan.

Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 ta yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinib, ulardan birinchisini kelgusi yilda Toshkent — Urganch — Xiva yo‘nalishida qatnovga qo‘yish topshirildi. Bu orqali yo‘nalishda yo‘l vaqti hozirgi 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev prezident Xitoyning CRRC kompaniyasi bilan 50 ta manyovr teplovozlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzishni topshirganini ma’lum qilgandi. 2025-yilda 8 ta yangi teplovoz va 4 ta yangi elektrovoz olib kelinishi belgilangandi.

Avvalroq 2026-yilda Toshkent metropoliteni yana 56 ta yangi vagon sotib olishi haqida xabar berilgandi. Metropoliten ma’muriyati yetkazib berish hisobiga poyezdlar orasidagi intervallarni qisqartirishga va’da bermoqda.