Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni temir yo‘l sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Kechikishlar va navbatlar tufayli yuk temir yo‘l stansiyalarini Toshkent hududidan ko‘chirish taklif qilinmoqda.

O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident 2025-yil oxirigacha Navoiydan Buxorogacha bo‘lgan yangi tezyurar temir yo‘li qurilishini oxiriga yetkazishni topshirganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Nukus-Miskin temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirishni, Toshkent-Parkent temir yo‘li qurilishini yakunlash va 1-sentabrga qadar Toshkent-Urgut temir yo‘lini qurish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Bizning manyovr teplovozlarimiz 91% ga eskirgandi. Prezident kelajakda Xitoyning CRRC kompaniyasi bilan 50 ta manyovr teplovozlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, joriy yilning o‘zida 8 ta yangi teplovoz va 4 ta yangi elektrovoz O‘zbekiston temir yo‘llari'ga olib kelinadi”, — dedi u.

Boshqa topshiriqlar qatorida raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va dual ta’lim tizimi, transport muassasalari bilan qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish belgilandi.

O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov yangi xalqaro transport yo‘laklarini mustahkamlash bo‘yicha topshiriq berilganini ma’lum qildi. Xitoydan Yevropaga qadar yetkazib berishni multimodal yuk tashuvlari orqali rivojlantirish rejalashtirilgan.

“Bu — Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Turkmaniston yo‘nalishi. Turkmaniston orqali Eron yoki Kaspiy dengizi orqali Turkiya va Yevropa mamlakatlariga qisqa yo‘l bilan chiqish mumkin. Prezident logistikani optimallashtirish, yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish va yuk tashish tannarxini pasaytirish orqali multimodal yuk tashuvlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi”, — dedi Rahmetov.

Davlat kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari qayd etishicha, davlat rahbari O‘zbekiston temir yo‘llari'ga yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va tezligiga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan. Shuningdek, kompaniyaga O‘zbekistonning butun hududini temir yo‘l infratuzilmasi bilan maksimal darajada qamrab olish topshirildi.

Avvalroq O‘zbekiston va Xitoy Toshkent-Fuchjou yo‘nalishida blok poyezd qatnovini yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Ushbu poyezd o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari ortilgan 50 ta konteynerdan iborat.