Toshkent metropoliteni shu paytgacha yopiq bo‘lgan Chilonzor va O‘zbekiston yo‘nalishlarining to‘rtta bekatida vestibyullarni ochadi. Bu haqda poytaxt metropoliteni matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston”, “Mashinasozlar”, “G‘afur G‘ulom” va “Milliy bog‘” metro bekatlarining bir tomon kirish (vestibyul) qismlari avval yo‘lovchi oqimi kamligi sababli uzoq yillar davomida yopiq bo‘lgan.

Yo‘lovchi oqimining ortib borayotgani hamda shahar aholisining talab va istaklari asosida 11-dekabrdan yo‘lovchilar uchun quyidagi vestibyullar ochiq bo‘ladi:

  • “Milliy bog‘” bekatidagi janubiy vestibyul (metropoliten ko‘prigi tomonidan);
  • “G‘afur G‘ulom” bekatining g‘arbiy vestibyuli;
  • “O‘zbekiston” bekatidagi shimoliy vestibyul (Milliy konservatoriya tomonidan);
  • “Mashinasozlar” bekatining sharqiy vestibyuli (sanoat zonasi tomonidan).

Mazkur bekatlar vestibyullarida texnik yangilash ishlari amalga oshirildi. Hozirda barcha jarayonlar yakunlanib, bekatlar zamonaviy texnik jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.

Avvalroq 9-dekabrdan Toshkent metrosidagi 16 ta bekatda kassalar yopilishi haqida xabar berilgandi. Ushbu bekatlarda kassalar o‘rniga yangi QR-kodli chiptalar beruvchi apparatlar — infokioskalar ishga tushirilgan.