Uzbekistan Airways talabalar uchun 50% chegirma e’lon qiladi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Chegirma o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilari uchun barcha ekonom-klass tariflariga amal qiladi.
Undan 26-dekabrdan 2026-yilning 11-yanvarigacha amalga oshiriladigan mahalliy aviaqatnovlar uchun foydalanish mumkin.
Chegirma davlat ta’lim muassasasida o‘qiganligini tasdiqlovchi hujjat asosida beriladi. Bunday ma’lumotnomani quyidagi usullar bilan olish mumkin:
- Yagona portal orqali onlayn;
- ta’lim muassasasida;
- yoki Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazining elektron tasdiqnomasi shaklida.
Aviachiptalarni kompaniya saytidan, aviakompaniya agentlaridan, shuningdek, Uzbekistan Airways Sales filialidan xarid qilish mumkin.
Bundan tashqari, Transport vazirligi matbuot xizmati qishki ta’til munosabati bilan Toshkentdagi talabalar uchun sayyor kassalar tashkil etilganini ma’lum qildi.
Ularda temir yo‘l hamda avtobus qatnovlariga chiptalarni sotib olish mumkin. Sayyor kassalar quyidagi manzillarda tashkil etilgan:
- O‘zbekiston milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti binosi 1-qavati (Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi, Universitet ko‘chasi., 4-uy).
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti A-binosida (Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi 60-A-uy. Sobiq Toshkent moliya instituti binosi).
Avvalroq talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilingandi. OTM talabalari, texnikum, kollej va akademik litseylar o‘quvchilari uchun ta’til 28-dekabrdan 10-yanvargacha davom etadi.
