Avvalroq qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli O‘zbekistonda metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilayotgani haqida xabar berilgandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov yuzaga kelgan holat bo‘yicha izoh berdi.
“Afsuski, bugun qo‘shni davlatda kuzatilgan texnologik nosozlik tufayli tizimda 6 mln kub metr gaz taqchilligi [yuzaga keldi], natijada barcha rejimlarni optimallashtirib, mavsumiy iste’molchilarni o‘chirdik. Birinchi navbatda aholi, ijtimoiy soha hamda strategik obyektblarni, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarini gaz bilan ta’minlash maqsadida reja-grafik ishlab chiqilib, hududlar bilan birgalikda tig‘iz vaqtlarda AGTKShlarga cheklovlar e’lon qildik”, — dedi vazir.
Mirzamahmudov qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda texnogen hodisani bartaraf etish hamda gaz yetkazib berishni qayta tiklash ustida ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, u gaz ta’minotidagi uzilishlar eng ko‘p vodiy viloyatlaridagi gaz quyish shoxobchalariga ta’sir qilishini aytdi, chunki Farg‘ona vodiysi gaz bosimi eng past bo‘ladigan hudud hisoblanadi.
Uzilishlarning oldini olish uchun esa ikkita yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Jumladan, qo‘shni mamlakatning tranzit gaz quvuri, Xovos-Farg‘ona yo‘nalishidagi magistral gaz tarmog‘idan foydalangan holda vodiy viloyatlari gaz bilan ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, Jo‘rabek Mirzamahmudov vodiy viloyatlaridagi gaz “zapravka"larga siqilgan gaz yetkazib berish uchun 150 ta ko‘chma konteyner olib kelinganini ta’kidladi. 22-dekabrgacha Beshariq tumanidagi 22 ta shoxobchaga gaz yetkazib berish to‘liq ta’minlanadi.
Ko‘chma stansiyalar metan “zapravka"lar yopilgan yoki ularda gaz yetarli bo‘lmagan vaqtlarda shoxobchalarga ulanib, 5 mingdan 10 ming kub metrgacha gaz yetkazib beradi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kungacha tizim jami 14 ta AGTKShda sinovdan o‘tkazilgan, yoqilg‘i quyish shoxobchasi ishga tushgach esa Farg‘ona vodiysida zaxira tizimi yaratiladi.
Avvalroq O‘zbekistondagi “zapravka"larda AI-80 benzini savdosiga qarshi reydlar boshlangani haqida xabar berilgandi. AYOQSHlarda olib borilgan nazorat tadbirlarida 306 ming litrdan ortiq sifatsiz neft mahsulotlari aniqlandi.
