Talabalar uchun poyezd chiptalariga chegirma e’lon qilindi. Bu haqda O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar qishki ta’til mobaynida mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlar uchun foydalanishlari mumkin. Bundan SV/VIP klass vagonlari va yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlari mustasno.

Yo‘lovchi poyezdlarining temir yo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50% chegirma 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvarga qadar amal qiladi.

Bundan oldin Uzbekistan Airways talabalar uchun 50% chegirma e’lon qilgandi. U ham o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilari uchun barcha ekonom-klass tariflariga amal qiladi. Aviaqatnov uchun chegirmalardan 26-dekabrdan 11-yanvarigacha foydalanish mumkin.

Shuningdek, Transport vazirligi matbuot xizmati qishki ta’til munosabati bilan Toshkentdagi talabalar uchun sayyor kassalar tashkil etilganini ma’lum qildi.

Ularda temir yo‘l hamda avtobus qatnovlariga chiptalarni sotib olish mumkin. Sayyor kassalar quyidagi manzillarda tashkil etilgan:

  • O‘zbekiston milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti binosi 1-qavati (Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi, Universitet ko‘chasi., 4-uy).
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti A-binosida (Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi 60-A-uy. Sobiq Toshkent moliya instituti binosi).

Avvalroq talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilingandi. OTM talabalari, texnikum, kollej va akademik litseylar o‘quvchilari uchun ta’til 28-dekabrdan 10-yanvargacha davom etadi.