Yangi yil tadbirlari munosabati bilan Toshkent shahrining ayrim markaziy ko‘chalari bir oyga yopilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, quyidagi hududlarda transport vositalari uchun harakat cheklovlari o‘rnatiladi:
15-dekabrdan 15-yanvargacha O‘zbekiston Milliy kutubxonasi old maydonida:
- Zarafshon ko‘chasining “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi qo‘riqlash punkti va Matbuotchilar ko‘chalari oralig‘idagi qismi;
- Istiqlol ko‘chasining A.Temur shoh va Buyuk Turon ko‘chalari oralig‘idagi qismi;
- Buyuk Turon ko‘chasining Istiqlol ko‘chasi kesishmasidan Yoshlar ijod saroyigacha.
17-dekabrdan 5-yanvargacha Taras Shevchenko gastronomik-turizm ko‘chasida:
- Taras Shevchenko ko‘chasining Fidokor ko‘chasi kesishmasidan Nukus ko‘chasi kesishmasigacha,
- Sayyid Baraka ko‘chasining Oybek ko‘chasi kesishmasidan Amir Temur shoh ko‘chasigacha.


Bundan maqsad Yangi yil bayrami tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish, shuningdek, bayram tadbirlari vaqtida aholi xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat tartibini saqlashga qaratilgan.
Shuningdek, hokimlik noqulayliklar uchun uzr so‘rab, haydovchilarga o‘z yo‘nalishlarini ushbu o‘zgarishlarni inobatga olgan holda rejalashtirishni tavsiya etdi.
Avvalroq qishki ta’til munosabati bilan talabalar uchun poyezd va samolyot chiptalariga 50% chegirma e’lon qilingandi.


