O‘n kunda Toshkent shahrida avtobuslarda chiptasiz yurgan 3 mingga yaqin yo‘lovchi jarimaga tortildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Transport nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi tomonidan poytaxt avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga nisbatan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.

1−10-dekabr kunlari 38 va 46-avtobus yo‘nalishlarida nazorat ishlari kuchaytirilgan tartibda amalga oshirildi. Natijada avtobusda chiptasiz yurgan 238 ta yo‘lovchi aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, o‘tgan o‘n kun mobaynida yo‘nalishlarda o‘tkazilgan reydlar davomida avtobusda chiptasiz yurgan jami 2 966 ta yo‘lovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanildi.

Joriy yilning 11 oyi davomida 19 632 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarning har biri BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

2025-yildan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Hozirda to‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda. Mart oyida poytaxtda avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanila boshlandi. Mart-sentabr oylarida 6182 nafar qoidabuzarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Avvalroq 11-dekabrdan Toshkent metrosining 4 ta bekatida vestibyullar qayta ochilgani haqida xabar berilgandi. Yo‘lovchilar oqimi kamligi sababli O‘zbekiston, Mashinasozlar, G‘afur G‘ulom va Milliy bog‘ bekatlarining bir tomon kirish qismi uzoq vaqt yopiq edi.