Avvalroq Spot 10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi O‘zbekistonga yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning birinchi partiyasini jo‘natgani haqida yozgandi.

Changvon shahridagi Masan portidan Hyundai Rotem’ning birinchi poyezdi rejalashtirilgan muddatdan uch oy oldin jo‘natildi. The Korea Times gazetasi xabar qilishicha, 17 oy davomida ishlab chiqarilgan yetti vagonli birinchi tarkib 2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga yetib kelishi kutilmoqda.

“Jaloliddin Manguberdi” nomli yangi poyezdlar Toshkent-Xiva yo‘nalishida qatnov boshlaydi. Buning natijasida yo‘lga ketadigan vaqt hozirgi 14 soatdan 7,5 soatga qisqaradi.

Yo‘nalishning umumiy uzunligi 1286 kilometrni tashkil etgani holda, Hyundai Rotem poyezdlarining o‘rtacha tezligi soatiga 171 kilometrdan oshadi.

“Bu poyezd mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan va keng izli yo‘lga ega bo‘lib, chang o‘tkazmaydigan tuzilishi tufayli yuqori harorat va cho‘l iqlimining qumli shamollari sharoitida ham barqaror ishlashni ta’minlaydi”, deya ma’lum qildi Hyundai Rotem kompaniyasi.

hyundai rotem, poyezd, tezyurar, toshkent-xiva

Temiryo‘lekspress matbuot kotibi Sanjar Abduxalilovning ma’lum qilishicha, birinchi poyezd 2026-yil boshida kelishi kutilmoqda. Keyin yuqori tezlikdagi poyezd uch oylik dinamik sinovlardan o‘tkaziladi. Birinchi tijorat reysi 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) rejalashtirilgan.

Har bir elektropoyezd yettita vagondan tashkil topgan: beshta ekonom-klass va ikkita biznes-klass. Poyezdning uzunligi 175 metrni, maksimal tezligi soatiga 250 kilometrni tashkil etadi, umumiy sig‘imi esa 389 yo‘lovchi o‘rnidan iborat. Shu bilan birga, Hyundai Rotem tarkiblari Afrosiyob poyezdlariga nisbatan qisqaroq bo‘lsa-da, sig‘imi kengroq hisoblanadi.

“Hyundai Rotem yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlari O‘zbekiston iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan. Ular 50 daraja issiqda va minus 40 darajagacha sovuqda harakatlana oladi. Yozning jazirama oylarida poyezdlar bemalol harakatlana oladi”, — deya ta’kidladi Temiryo‘lekspress vakili.

Sentabr oyida Temiryo‘lekspress'ning 20 nafar xodimi malaka oshirish uchun Janubiy Koreyaga borib, amaliy va nazariy bilimlar bilan qaytib keldi. Kelgusi yilning birinchi choragida Hyundai Rotem kompaniyasi bilan hamkorlikda yana 90 nafar o‘zbekistonlik mutaxassisni tayyorlash rejalashtirilgan.

35 ta vagondan iborat qolgan beshta Hyundai Rotem poyezdlari 2027-yilgacha yetkazib berilishi kutilmoqda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimot qilingani haqida xabar berilgandi.

Unda kelgusi yillarda yangi ochiladigan yo‘nalishlar va qurilayotgan yo‘llar uchun lokomotiv va vagonlar parkini kengaytirish bo‘yicha rejalar bayon etildi.

Xitoydan 38 ta magistral lokomotiv, 50 ta manyovrli va gibrid manyovrli lokomotiv xarid qilish rejalashtirilgan.

Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 ta yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinib, ulardan birinchisini kelgusi yilda Toshkent-Urganch-Xiva yo‘nalishida qatnovga qo‘yish topshirildi. Bu orqali yo‘nalishda yo‘l vaqti hozirgi 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev prezident Xitoyning CRRC kompaniyasi bilan 50 ta manyovr teplovozlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzishni topshirganini ma’lum qilgandi. 2025-yilda 8 ta yangi teplovoz va 4 ta yangi elektrovoz olib kelinishi belgilangandi.

Avvalroq 2026-yilda Toshkent metropoliteni yana 56 ta yangi vagon sotib olishi haqida xabar berilgandi. Metropoliten ma’muriyati yetkazib berish hisobiga poyezdlar orasidagi intervallarni qisqartirishga va’da bermoqda.