Volkswagen Germaniyadagi zavodini yopadi, deya xabar bermoqda Financial Times.

Qayd etilishicha, kompaniya 2025-yil 16-dekabrdan keyin Drezdendagi zavodda avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatadi.

Volkswagen uchun bu Germaniyada 88 yil ichida birinchi ishlab chiqarish maydonchasining yopilishi, deya ta’kidlaydi nashr. Kompaniyada bu qaror “iqtisodiy nuqtayi nazardan zarur” deb ataldi.

Yopilish Xitoy va Yevropadagi talabning pasayishi, shuningdek, kompaniyaning AQSHdagi avtomobillari savdosiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan Amerika bojlari fonida sodir bo‘ladi.

2022-yilda Drezdendagi zavod ishga tushirilgandan beri u 200 mingdan kam avtomobil ishlab chiqargan — bu kompaniyaning Volfsburgdagi bosh zavodining yillik ishlab chiqarish hajmining yarmidan kamrog‘i.

Avtokonsern “keng ko‘lamli muammolarga,” jumladan, ichki yonuv dvigatellarining xizmat muddatini uzaytirish tufayli yangi investitsiyalar zarurligiga duch keldi, dedi Bernstein investitsiya fondi tahlilchisi Stiven Raytman.

Volkswagen Phaeton modeli ishlab chiqarilishi 2016-yilda to‘xtatilgach, Drezdendagi zavod “elektrifikatsiya ramzi"ga aylandi — u yerda ID.3 elektromobili yig‘ildi.

Kompaniya ishlab chiqarish maydonchasini tadqiqot kampusi tashkil etish uchun Drezden texnika universitetiga topshiradi.

Volkswagen Germaniyadagi uchta zavodini yopishni rejalashtirgan edi, ammo ish tashlashlardan so‘ng o‘z rejalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.

Kompaniya 2025-yildan boshlab Drezdendagi korxona faoliyatini to‘xtatish va 2027-yildan Osnabryukdagi zavodini yopish bo‘yicha kelishuvga erishdi.