Alisher Sultonov prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Alisher Saidabbasovich Sultanov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etildi”, — deyiladi xabarda.
Alisher Sultonov (1967-yilda tug‘ilgan) A.F.Mojayskiy nomidagi harbiy-muhandislik institutini tamomlagan.
1996−1998 yillarda “O‘zneftqaytaishlash” kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishi bo‘yicha shartnomani bajarish bo‘yicha direksiyasining uskuna va qurilmalarni tayyorlash hamda qabul qilishni nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida ishlagan.
1998−1999-yillarda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” qurilishida bosh mutaxassis, 1999−2002-yillarda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi “Sho‘rtan qurilishi” boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan.
2002−2013-yillarda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” unitar sho‘ba korxonasiga rahbarlik qilgan. 2013−2015-yillarda “O‘zbekneftgaz” Prognozlashtirish, resurslar va investitsion dasturlar bosh boshqarmasi boshlig‘i — boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, 2015−2018 yillarda — “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Alisher Sultanov 2019-yil fevralidan 2022-yil apreligacha energetika vaziri bo‘lgan. 2022-yil aprel oyida prezident farmoniga asosan Alisher Sultanov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan energetika vaziri lavozimidan ozod etilgandi.
2023-yil may oyida u neft, gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi etib tayinlangandi.
Avvalroq Komil Allamjonov prezident Administratsiyasining AQShdagi vakili etib tayinlangan edi.
