Avvalroq prezident Toshkentda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Endi yirik megapolislar kabi Toshkentda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu markaz har bir ko‘cha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sun‘iy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l-transport hodisasining oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.

Bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish topshirildi.

Shuningdek, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyo‘laklar quriladi, 100 kilometr yo‘l ta‘mirlanib, Yunusobod va Yashnobodda yo‘l o‘tkazgich va tunnel barpo etiladi. Kelgusi yilda 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yildi.

Dunyoning yirik shaharlari kabi poytaxtimizda ham ekologiya masalasining dolzarbligi ortmoqda. Oxford economics nashrining “Global shaharlar indeksi” reytingida Toshkent shahri dunyodagi 1 mingta shahar orasida 471-o‘rinni egallagan.

Mutasaddilarga ushbu reytingda poytaxtimizni ekologiyasi barqaror 300 ta shahar qatoriga olib chiqish bo‘yicha tinimsiz shug‘ullanish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun uch oyda poytaxtning 4 ta qismida sun‘iy ko‘l va havzalar qurish loyihalarini tayyorlab, ishlarni boshlash topshirildi.

1-iyungacha har bir tumanda 5 kilometrli 3 tadan soyali sayr ko‘chalari foydalanishga topshiriladi. Har 10 ta mahalla uchun 1 tadan yashil bog‘ barpo qilish bo‘yicha alohida dastur boshlanadi.

2026-yilda shaharda 18,5 kilometr kanal qirg‘oqlari mustahkamlanadi. Bu joylarda ham yashil hududlar va sayilgohlar tashkil qilishni hozirdan o‘ylash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, Bektemir, Sergeli va Yangihayotdan o‘tgan Chirchiq daryosining 16 kilometr qismini mustahkamlash hisobiga qo‘shimcha 800 gektar ochiladi. Bu yerlarda ham 200 gektarda “yashil belbog‘”, 250 gektarda ichki yo‘llar, sayilgohlar, piyoda va veloyo‘laklar qurilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Oktabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentga kirishdagi postlar ko‘chirilishi, shahar atrofida avtovokzal va avtoturargohlar qurilishi aytilgandi.

Keyinroq esa davlat rahbariga poytaxt va unga tutash hududlardan keladigan yuk avtomobillari uchun avtoturargohlar qurish loyihasi taqdim etildi.

Avtoturargohlarni “Erkin”, “Sharq”, “Bektemir”, “Uch qahramon” hamda “A.Turbanov” yo‘l-patrul xizmati maskanlari yaqinida qurish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, bu yerda avtovokzal va kemping ham joylashadi.


Avvalroq 2026-yil Toshkent uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘lishi aytilgandi.