Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun $100 mln miqdoridagi kredit va $5 mln miqdoridagi grant ajratishni ma’qulladi.

Ushbu mablag‘lar “Ish o‘rinlarini yaratish va biznesni rivojlantirish uchun moliyalashtirishdan foydalanish” (Access to Finance for Jobs and Growth Project, FINGROW) loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Loyihaning maqsadi — kapital tanqisligini boshdan kechirayotgan mikro, kichik va o‘rta korxonalarning (MKO‘K) kredit resurslaridan foydalanish va ularning kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

2030-yilga borib, loyiha natijasida taxminan 7 ming MKO‘Klar, shu jumladan ayollar va yoshlar rahbarligidagi 4,5 ming korxonalar uchun kredit mablag‘laridan foydalanish imkoniyati ta’minlanishi kutilmoqda.

Ushbu qo‘llab-quvvatlash benefitsiar kompaniyalarga 100 mingga yaqin yangi va yaxshi haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi, ularning yarmidan ko‘pini esa ayollar va yosh ishchilar egallashadi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida 70 tagacha yuqori o‘sish salohiyatiga ega bo‘lgan kichik va o‘rta korxonalar kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda biznesni kengaytirish uchun yangi bilim va tajribalarni ulashish orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Ushbu korxonalarning aksariyat qismi ayollar va yosh rahbarlar tomonidan boshqariladi.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi"ning sho‘ba tuzilmalari banklar, mikromoliya tashkilotlari va xususiy investorlar bilan hamkorlikda qo‘shimcha $500 mlnlik xususiy kapitalni jalb qiladi.

Ushbu mablag‘lar kredit mablag‘laridan foydalanishni ta’minlash va ko‘proq MKO‘Klar uchun korxonalar kapitaliga xususiy investitsiyalar oqimini ta’minlash imkonini beradi.


Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonda 16 ta shahar va tumanda infratuzilmani yaxshilash uchun $250 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, bank O‘zbekistonga ta’lim krediti uchun $250 mln ajratadi. Mablag‘larning 80%i kam ta’minlanganlar va xotin-qizlarga beriladi. Kredit olish uchun yangi onlayn platforma ishga tushiriladi.