2026-yil 1-yanvardan Andijonda jamoat transporti narxlari oshiriladi. Bu haqda 2025-yil 17-dekabrda viloyat hokimining qarori e’lon qilindi.

Mazkur qarorga asosan Andijon shahrida bir yo‘lovchi uchun elektron to‘lov orqali to‘lov amalga oshirilganda narx (QQS bilan) — 2100 so‘m qilib belgilanmoqda. Naqd pulda amalga oshirilganda cheklangan tarif miqdori (QQS bilan) — 3 000 so‘mni tashkil qiladi.

Avtobus va mikroavtobuslarda hajmi 60 sm x 40 sm x 20 sm dan 100 sm x 50 sm x 30 sm gacha bo‘lgan va uzunligi 150 sm dan 200 sm gacha bo‘lgan buyumlarni hamda o‘lchamidan qat’iy nazar og‘irligi 20 kg dan ortiq bo‘lgan bir yo‘lovchining bagajni olib yurish xizmati uchun (QQS bilan) — 3 000 so‘m.

Avgust oyida Qoraqalpog‘istonda bugundan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshgani haqida xabar berilgandi. Qaror 2025-yil 20-avgust kuni e’lon qilindi va darhol kuchga kirgan.

Bitta yo‘lovchi uchun avtobusda yo‘lkira narxi naqd pul bilan to‘langanda 2600 so‘mni tashkil etadi. Transport kartalari, ATTO tizimi yoki bank kartalaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar bir sayohat uchun 2000 so‘m to‘laydilar.

Avvalroq o‘n kunda Toshkentda avtobuslarda chiptasiz yurgan 3 mingga yaqin yo‘lovchi jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.

Poytaxtda avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga nisbatan kuchaytirilgan reydlar davom etmoqda.

Joriy yilning 11 oyi davomida 19 632 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarning har biri BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

2025-yildan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Hozirda to‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda. Mart oyida poytaxtda avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanila boshlandi. Mart-sentabr oylarida 6182 nafar qoidabuzarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.