Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgandi.

Yig‘ilishda Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazorda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yo‘nalishlariga aylanishi aytildi.

Xususan, 37 gektarda $1 mlrdlik Uchtepa City loyihasi boshlanadi. Uning doirasida zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar, savdo-ko‘ngilochar majmua va apartamentlar barpo etiladi.

Chilonzor, Yakkasaroy, Olmazorda ham $2,5 mlrdlik shunday loyihalar amalga oshiriladi.

Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobodda esa sun‘iy intellekt, startap, fintex, moliya, tibbiyot va ta‘lim sohasida $1 mlrdlik loyihalar amalga oshiriladi.

2025-yilning iyulida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xuddi shu nomdagi — Uchtepa City turar joy majmuasi qurilishini to‘xtatgandi.


Spot, avvalroq, kelgusi yili Toshkentda 24 soat ishlaydigan yana 18 ta ko‘cha tashkil qilinishi haqida yozgandi.