Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Davlat rahbari o‘z nutqida bundan 20 yil avval ushbu mamlakat ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori bo‘lganini qayd etdi. Buyuk ipak yo‘li davridan rivojlana boshlagan yaqin savdo va madaniy aloqalar, o‘xshash anʼana va urf-odatlar, maʼnaviy, madaniy va oilaviy qadriyatlar Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos hisoblanadi.
Prezident “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini taqdim etdi.
Sammitlarni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklif qilindi. Bu hamkorlikka qo‘shimcha kuchli surʼat bag‘ishlashga xizmat qiladi. Navbatdagi shunday uchrashuvlardan birini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyorlik bildirildi.
Yaponiyaning adliya va huquq sohasida hamkorlik bo‘yicha yangi doimiy mexanizmini yaratish va kelgusi yili Tokioda adliya vazirlarining birinchi uchrashuvini tashkil etish borasidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Davlat rahbari O‘zbekiston “Markaziy Osiyo — Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqib, hujjatga mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish bo‘yicha aniq dastur va loyihalarni kiritish tarafdori ekanligini qayd etdi.
Yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish, hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibini shakllantirish uchun mamlakatlarning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini taʼsis etish muhimligi taʼkidlandi. Forumning ilk majlisini kelgusi yili Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi Yaponiya moliya institutlarining Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishini olqishladi.





“Ishonaman, Markaziy Osiyoning boy tabiiy va kadrlar resurslarini Yaponiyaning sanoat va texnologik salohiyati bilan birlashtirib, bir-birimizni to‘ldirish va kuchaytirish bo‘yicha samaraga erisha olamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini taʼsis etish taklif qilindi. Uning negizida “Sifatli infratuzilma” bo‘yicha dastur hamda Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmog‘i — sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini ishga tushirish mumkin.
Bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy o‘sish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib borayotganidan kelib chiqib, davlat rahbari “Markaziy Osiyo — Yaponiya” raqamli xabi — raqamli yechimlar, sunʼiy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik platformasini yaratish muhimligini qayd etdi.
Tezyurar poyezdlar va avtomobil yo‘llarini barpo etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish, aeroportlar va logistika markazlarini qurish loyihalariga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlari ko‘magini jalb etishdan manfaatdorlik bildirildi.
“Yashil” energetika sohasidagi hamkorlik doirasida kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, yo‘qotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish bo‘yicha birgalikda loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi. Toshkentda Qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Davlat rahbari ekologiya sohasida Markaziy Osiyoda havo sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish, Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish yuzasidan qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish hamda Muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining yangi shakldagi uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etdi.
Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, mintaqada seysmik barqarorlikni baholash va oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish, Toshkent shahrida Yaponiya standartlari va protokollari bo‘yicha muhandislar, arxitektorlar, qutqaruv xizmatlarini tayyorlash uchun Mintaqaviy malaka oshirish markazini ochish taklif qilindi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda kelgusi yili “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida taʼlim vazirlarining birinchi yig‘ilishini, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitetlar rektorlarining ilk forumini o‘tkazish, yoshlar hamjamiyatlari o‘rtasida uzoq muddatli aloqalarni shakllantirishga qaratilgan Yoshlarni rivojlantirish mintaqaviy tarmoq dasturini qabul qilish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
O‘zbekiston yetakchisi xalqaro siyosat va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga to‘xtalar ekan, mintaqa davlatlari va Yaponiyaning Afg‘onistonni tinch, barqaror va bunyodkor rivojlanish sari borayotgan mamlakat sifatida ko‘rish borasidagi intilishlari yakdilligini taʼkidladi.
Afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p yillardan buyon yetakchi donor va sherik mamlakatlar qatorida bo‘lib kelayotgan Yaponiyaning izchil pozitsiyasi yuksak baholandi.
O‘zbekiston prezidenti so‘zining yakunida kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha qarorlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Sammitda boshqa yetakchilar ham nutq so‘zladi. Tadbir yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.
Avvalroq prezident Yaponiya ishbilarmonlari bilan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilagandi.





