Umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlarni o‘zlariga tutash hududlarni zaruratsiz ijaraga olishga majburlash qonunchilik talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Palataga mavsumiy kafe va ovqatlanish joylarini tashkil etishga oid tartib-qoidalar mahalliy hokimiyat organlari tomonidan turlicha talqin qilinayotgani yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
2024-yilda prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida umumiy ovqatlanish korxonalariga o‘z hududiga tutash bo‘sh yer uchastkalaridan foydalangan holda mavsumiy kafe tashkil etishga ruxsat berilgandi. Mas’ul idoralarga bu jarayon tartib-taomillarini soddalashtirish topshirilgan.
Shu maqsadda hukumat qarori (478-son) qabul qilinib, tadbirkorlar o‘z hududiga tutash yoki undan 5 metr masofada joylashgan bo‘sh maydonlarni auksionsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga olish huquqiga ega bo‘ldi.
Qaror bilan ijara shartnomalarini rasmiylashtirish yerni tadbirkorga ijara huquqi asosida foydalanishga beruvchi davlat organlari va tashkilotlari hamda tadbirkor o‘rtasida Soliq qo‘mitasining elektron tizimi orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Ayrim mahalliy hokimliklar tadbirkorlarni tutash hududlardan foydalanishga ehtiyoj bo‘lmasa ham ijara shartnomasini tuzishga majburlamoqda. Rad etilganida esa ushbu hududlarni boshqa tadbirkorlarga berib yuborish bilan tahdid qilish holatlari kuzatilmoqda.
SSP bu kabi amaliyotlar amaldagi qonunchilik talablariga zid bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirishga to‘sqinlik qilishini bildirdi.
Palata mahalliy hokimliklar tomonidan noqonuniy yoki asossiz talablar qo‘yilsa, tadbirkorlar +998 78 150 60 06 raqamiga murojaat qilishlari mumkinligini maʼlum qildi.
Spot iyul oyida o‘rtasida biznes Toshkentdagi yozgi terrasalar demontaj qilinayotgani va ularga tutash hududlardan foydalanish bo‘yicha reglament yo‘qligidan shikoyat qilayotgani haqida yozgan edi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi restoran va kafelarni xizmat haqi va depozitlar bo‘yicha ogohlantirgandi.
