2025-yilda kiberjinoyatlar natijasida o‘zbekistonliklarning 1,9 trln so‘m mablag‘lari o‘g‘irlandi. Bu haqda 23-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV vazir o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapov ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, oxirgi paytlarda axborot texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, an’anaviy jinoyat turlarining kiberjinoyatga tranformatsiyasi kengaymoqda.
So‘nggi besh yilda mamlakatda kiberjinoyatlar soni 11 barobarga oshib, 4 865 tadan 62 440 taga yetdi. Ushbu jinoyatlar oqibatida fuqarolarga jami 3,73 trln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Shundan yarmi — 1,89 trln so‘mi joriy yilning 11 oyiga to‘g‘ri keladi.
IT sohasidagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida raqamli laboratoriya tashkil etilib, bank kartalaridan mablag‘larni noqonuniy yechib olishga qarshi choralar ko‘rilmoqda. Xususan, ko‘plab fuqarolarga zarar yetkazgan eng xavfli 483 ta fishing dasturi aniqlanib, ularning faoliyati to‘xtatildi.
Kriptoaktivlar aylanmasi sohasida qonunbuzilishlar bilan bog‘liq 2 424 ta jinoyat aniqlandi. Buning natijasida mamlakat hududidan 76 mlrd so‘m mablag‘lar chiqib ketishining oldi olindi.
Shuningdek, jamoat tartibiga tahdid soluvchi, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishni targ‘ib qiluvchi 3 843 ta internet-resurslari bloklandi, firibgarlikka undovchi 1 508 ta zararli havolalarning faoliyati taqiqlandi.
Kiberjinoyatchilar oxirgi uch yilda fuqarolarning 1,9 trln so‘mdan ortiq mablag‘ini talon-taroj qilgan. O‘tgan yilning o‘zida esa bu 603 mlrd so‘mni tashkil etgan. Jinoyatchilar asosan bank kartasi yoki mobil ilova boshqaruvini qo‘lga kiritish uchun zararli havolalar va dasturlar yuboradi.
Joriy yilning olti oyida O‘zbekistonda sodir etilgan jinoyatlarning 42%i kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq shaxsga doir ma‘lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talablari joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Onlayn mikroqarz ajratishda firibgarlar ta‘sirini cheklovchi himoya tizimlari yaratiladi. Kriptoaktivlarni noqonuniy egallash tahdidining oldini olish uchun ilmiy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yiladi.
