UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Traverse modelini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Yangilangan model 2,5 litrli to‘rt silindrli 328 ot kuchiga ega turbomotor bilan jihozlangan hamda kuchaytirilgan osma tizimi, oshirilgan klirens va to‘liq uzatma tizimiga ega. Bu yo‘ltanlamasga barcha rejimlarda kuchli tortish hamda turli yo‘l sharoitlarida barqaror boshqaruvni ta’minlaydi.

Bundan tashqari, Chevrolet Traverse radiator panjarasi, himoya elementlari, qizil tortish ilgaklari hamda emblemalariga ega. Avtomobilning old va orqa qismlari va 18 dyuymli g‘ildirak disklarining dizayni ham yangilangan.

Salon 17,7 dyuymli markaziy displey, 11 dyuymli raqamli qurilmalar paneli hamda kengaytirilgan Chevy Safety Assist xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan.

Yangi Traverse avtomobilining tavsiya etilgan chakana narxi 795 mln so‘mni tashkil etadi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi sotuvlar boshlanishining aniq sanasi qo‘shimcha ravishda e’lon qilinishini bildirdi.

Kompaniya yangi Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Yangi versiyalarda kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlar isitgichi va Android Auto/Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovchi sensor multimedia kabi 50 dan ortiq yangi komponentlar mavjud. Cobalt Style MCM narxi 156,1 mln so‘m, Cobalt Midnight MCM esa 165,2 mln so‘mni tashkil etadi. Sotuvlar 3-noyabrdan boshlanadi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors Xorazm Avto korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarida Damas Move va Damas Max modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi model joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.