Toshshahartransxizmat matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yo‘nalishlardagi avtobuslarning yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatda turib qolayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Bugungi kungacha Toshkentda kuniga 1 000 dan ortiq katta va o‘ta katta sig‘imli siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi avtobuslar 33 ta AGTKSHlar orqali yoqilg‘i bilan ta’minlanib kelingan.
Havo haroratining pasayganligi sababli, poytaxt aholisi, ijtimoiy muassasalar va strategik muhim obyektlarga tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minlash uchun avtobuslar uchun “zapravka"lar soni 11 tagacha qisqartirildi.
Shundan kelib chiqib, Hududgaz poytaxt filiali va Toshkent shahar hokimligi bilan kelishuvga ko‘ra, poytaxtda faoliyat yuritayotgan AGTKSHlar ro‘yxati tasdiqlandi. Toshshahartransxizmat rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bilan AGTKSHlarga avtobuslarni yetkazish jadvali ishlab chiqilgan.
Korxonaning qayd etishicha, avtobuslarning shoxobchalargacha bo‘lgan masofaning oshishi, qishda gaz iste’molining ko‘payishi hamda magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi tufayli, avtobuslarga yoqilg‘i quyish vaqti sezilarli darajada oshib, AGTKSHlardagi navbatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, mazkur vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish, yo‘nalishlardagi avtobuslar harakati va oraliq intervalni saqlab qolish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uzluksizligini ta’minlash uchun Toshshahartransxizmat rahbariyati va mutasaddi bo‘linmalar tomonidan tungi navbatchilik tashkil etilgan. “Vaziyat doimiy nazoratda ekanligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Namanganga 30 ta avtobus olib kelingani haqida xabar berilgandi. Avtobuslar yaqin kunlarda eng muhim yo‘nalishlarda harakatni boshlaydi.
