Andijon shahridagi avtobuslarda 2026-yil 1-yanvardan naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatiladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Elektron to‘lovlar uchun yo‘l haqi 2100 so‘mni, naqd puldagi to‘lovlar esa 3 000 so‘mni tashkil qiladi.
Bunda yo‘l haqini bank kartalari, mobil ilovalar va ATTO transport hamda virtual kartalari orqali to‘lash mumkin.
Naqd puldagi to‘lovlar uchun bekatlar va ularga yaqin hududlarda o‘rnatilgan Paynet, MultiPay yoki Oson infokiosklaridan bir martalik QR-chipta xarid qilish mumkin.
1-yanvardan Andijonda jamoat transporti narxlari oshiriladi. Bu haqda 2025-yil 17-dekabrda viloyat hokimining qarori e’lon qilindi.
2025-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi. To‘lovlar faqat elektron qabul qilinadi hamda uni naqd pulda amalga oshirish uchun QR-chiptalarni tegishli to‘lov qurilmalari orqali xarid qilish mumkin. Agar infokiosklarda QR-chipta chiqmay qolsa, uni rasmga olib, avtobusda skanerlash mumkin.
Undan keyin, Transport nazorati inspeksiyasi yo‘l haqini naqd pulda to‘lagan yo‘lovchilar jarimaga tortilishini ma’lum qildi. Biroq, Transport vazirligi bu xabarni rad etib, jarima faqat chiptasiz yurish holatida qo‘llanilishini bildirdi.
Joriy yilning 11 oyida Toshkent shahrida avtobusda yo‘l haqini to‘lamagan 20 mingga yaqin yo‘lovchi jarimaga tortilgan.
Avvalroq Toshkentda intellektual transport tizimi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.
