Avvalroq prezidentning ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilashga qaratilgan farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Oilalar davlat ta’minotidagi, kambag‘al hamda kambag‘allik chegarasidagi oilalar toifasiga ajratiladi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan “davlat ta’minotidagi oila” toifasidagi oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi. U o‘z ichiga subsidiya va kreditlarni oladi.

Xususan, ularga xonadoniga quvvati 7−10 kVtlik quyosh panellarini o‘rnatish uchun BHMning 100 (41,1 mln so‘m) baravarigacha subsidiya beriladi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida esa 4 yilgacha BHMning 75 (30,9 mln so‘m) baravarigacha kredit ajratiladi. Kredit 1 yillik imtiyozli davr bilan taqdim etilib, foiz stavkasi oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasidagi foiz stavkasida hisoblanadi.

Mablag‘lar ijtimoiy kartaga o‘tkazib beriladi, ular quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi: bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish, shu jumladan, chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, ko‘chma do‘konlar, motoroller, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxona qurish uchun.

Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarini belgilash va undan chiqarishga doir nizolarni tezkorlikda hal etish uchun kelasi yil 1-fevraldan tuman va shahar hokimliklari huzurida apellyatsiya kengashi tashkil etiladi.

Bunda apellyatsiya kengashi o‘z faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil amalga oshiradi.

Kengash oilalarni reyestrga kiritish bo‘yicha dalolatnoma va xulosalarni qisman yoki to‘liq bekor qilish yoxud ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha “mahalla yettiligi"ga majburiyat yuklash haqida qarorlar qabul qiladi.

Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish va hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgandi. Unda qo‘llab-quvvatlash aholi daromadi va bandligidan kelib chiqib, differensial amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq Spot 2026-yildan nogironligi borlarga 30 mln so‘mgacha foizsiz qarz berilishi haqida yozgandi. Imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar kambag‘allik reyestridan chiqarilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.