Vazirlar Mahkamasi 25-dekabr kuni elektron ishonchnomalarni rasmiylashtirish va hisobga olish bo‘yicha onlayn platforma to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.
Vakolat.uz platformasi 2026-yil 1-yanvardan ishga tushirilishi kerak. Uning yordamida fuqarolar va tashkilotlar ishonchnomalarni rasmiylashtirishlari, ularga o‘zgartirishlar kiritishlari va bekor qilishlari, shuningdek ishonchnomalarning haqiqiyligini tekshirishlari mumkin bo‘ladi.
Yuridik shaxslar o‘zlari tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni platformada ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin. Platformadan foydalanish bepul bo‘ladi.
Platforma orqali rasmiylashtirilgan elektron ishonchnoma davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan majburiy tartibda qabul qilinadi. Uning mavjudligi ishonchli vakil orqali davlat xizmatlaridan foydalanish uchun talab bo‘ladi.
Platformada “Notarius” tizimida rasmiylashtirilgan ishonchnomalar ham mavjud bo‘ladi. Ularning elektron shakllari O‘zbekiston hududida yuridik kuchiga ko‘ra qog‘oz shakliga tenglashtiriladi.
Vakolat.uz saytida ishonchnomani rasmiylashtirish uchun ariza beruvchi OneID orqali ro‘yxatdan o‘tishi, ariza topshirishi va uni elektron raqamli imzo yoki Face ID orqali tasdiqlashi kerak. Shundan so‘ng ishonchnoma avtomatik ravishda yaratiladi va tomonlarga yuboriladi.
Ishonchnoma muddati tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan belgilanadi (eng ko‘pi bilan 3 yil).
Ishonchnomaga quyidagi hollarda tuzatishlar kiritishga ruxsat etiladi:
- jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgarganda;
- biometrik pasport (ID-karta) ma’lumotlari o‘zgarganda;
- yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli o‘zgarganda;
- ishonchnoma muddatini uzaytirish uchun.
Adliya vazirligi platforma operatori hisoblanadi va ishonchnomalarning elektron reyestrini yuritishga mas’ul hisoblanadi. Undagi hujjatni unikal raqam bo‘yicha qidirish barcha uchun ochiq bo‘ladi.
Fevral oyi oxiriga qadar Vakolat.uz mobil ilovasini ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, bu vaqtga kelib platformaning “Notarius” tizimi bilan integratsiyalashuvi kutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev sentabr oyida davlat xizmatlarini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonida Vakolat.uz platformasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Platformada ishonchnomalarni bepul rasmiylashtirish, shuningdek, ularning haqiqiyligini tekshirish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2027-yilgacha “Raqamli nazorat” platformasi ishga tushirilishi haqida yozgandi.
