Axborot texnologiyalari sohasida davlat nazorati tizimi takomillashtiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bir qator sohalarda maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Jumladan, inspeksiya axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshiradi.
Ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qiladi.
Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qiladi.
2027-yilgacha “Raqamli nazorat” platformasi ishga tushiriladi. Platforma quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:
- aholi istiqomat qilayotgan, jumladan, olis va chekka hududlardagi raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni monitoring qilish;
- axborot tizimlari, resurslari, dasturiy mahsulotlar va maʼlumotlar bazalarida yuzaga kelgan uzilish yoki to‘xtalish holati bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
- jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tezkor ko‘rib chiqilishini tashkil etish.
Joriy yilning iyulida AOKA faoliyati tugatilib, uning o‘rnida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etilishi aytilgandi.
