Hukumat qarori bilan avtomototransport vositalaridan foydalanish va ularni tasarruf etishga oid ishonchnomalarni rasmiylashtirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Endi ishonchnomada ishonchnoma berilgan shaxsda ushbu avtotransport vositasini chet elga olib chiqish huquqi mavjud yoki mavjud emasligi haqida alohida qayd etilishi shart.
Qayd etilishicha, o‘zgartirishlar notarial harakatlardagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish hamda ishonchnoma asosida avtotransport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq holatlarda mulkdorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida joriy etilgan.
Mazkur qoida 2006-yil 7-martda tasdiqlangan “Avtomotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi“ga qo‘shimcha band sifatida kiritildi.
Joriy yilning iyul oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi avtomobil boshqarish uchun ishonchnomada uni chet elga olib chiqish huquqini belgilashni taklif etgandi. Bunga sabab bo‘lgan omillardan biri ishonchli shaxslar tomonidan avtomobillarni sotish uchun chet elga olib chiqish holatlari ko‘payib borayotgani aytilgandi.
Jumladan, 2024-yil davomida ishonchnoma egalari boshqa shaxslarga tegishli 50 ga yaqin avtomashinalarni qaytarib olib kirmasdan xorijga olib chiqib ketgan.
Avvalroq Adliya vazirligi 2026-yildan elektron ishonchnomalar platformasini ishga tushirishi aytilgandi.
