Yangi yil bayramida Toshkent shahridagi yo‘l bo‘yi pulli to‘xtab turish joylaridan to‘lovlarsiz foydalanish mumkin. Bu haqda Poytaxt Parking yagona avtoturargoh operatori ma’lum qildi.

“Hurmatli haydovchilar! Bayram munosabati bilan 31-dekabrdan 4-yanvargacha Poytaxt Parking avtoturargohlari bepul bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, 29−30 dekabr hamda bayramdan keyingi kunlarda “parkovka"lardan foydalanish odatdagi rejim — to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Poytaxt Parking’ning Gazeta’ga ma’lum qilishicha, avtoturargohlardan bepul foydalanish bo‘yicha bildirishnoma 30-dekabr kuni ilovada paydo bo‘ladi. Bayram kunlari ilovadagi to‘lov funksiyasi o‘chirib qo‘yiladi (tariflar vaqtincha nolga tushiriladi), ammo “Parkovkalash” tugmasi faolligicha qoladi.

Bundan bir kun oldin Raqobat qo‘mitasi Poytaxt Parking’ni pulli parkovkalar bozorida ustun muzokara kuchiga ega korxonalar ro‘yxatiga kiritgani ma’lum bo‘lgandi. Bu maqom kompaniyalarga monopol past yoki monopol yuqori narxlarni joriy etishni taqiqlaydi.

Joriy yilning 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.

Bundan tashqari, yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.

Noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi Toshkentdagi pulli parkovkalar bo‘yicha o‘rganish boshlagani haqida xabar berilgandi. Qo‘mita, shuningdek, 11 ta tovar bozorida 66 ta korxonani “ustun muzokara kuchi"ga ega deb topdi.


Avvalroq Spot Toshkentdagi pulli “parkovka"lar uchun rezidentlik ruxsatnomalari narxi belgilangani haqida yozgandi.