Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan yangi ko‘prik hamda metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi ko‘prik Toshkent va Yangi Toshkentni bog‘laydi. Bir sutkada 40−50 mingta avtotransport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan bo‘lib, ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sohil hududlari ko‘kalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatiladi, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Shuningdek, ko‘prik orqali ikki tasmali tramvay yo‘li yotqizilishi rejalashtirilgan.



Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bog‘laydigan bo‘lajak metro liniyasining uzunligi 21 kilometrni tashkil etib, 9 ta zamonaviy bekatni o‘z ichiga oladi. U kuniga 230 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Liniya poytaxt metrosining mavjud tarmoqlari bilan to‘liq integratsiya qilinib, yo‘lovchilar uchun yagona va uzluksiz transport tizimi shakllantiriladi.
Davlat rahbari bo‘lajak liniyaning avtoturargoh bilan integratsiyalashgan bekatlaridan birining qurilish jarayoni bilan tanishdi.
Metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh 20 ming kv.metr maydonda barpo etiladi, unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratilib, xavfsizlik va funksionallikka ustuvor ahamiyat beriladi.
Ayni paytda hududda yer ishlari va beton quyish ishlari olib borilmoqda. Majmua 2027-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Prezident loyihalarning Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini taʼkidlab, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Yangi Toshkent metrosi
May oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov davlat rahbari huzurida bo‘lib o‘tgan taqdimotda Toshkent shahrini Yangi Toshkent bilan bog‘lovchi transport infratuzilmasini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
“Prezidentimiz Do‘stlik metrosi orqali yangi shaharni Toshkent bilan bog‘laydigan yana bir metro liniyasini qurishni topshirgandi. Taqdimotda mazkur loyiha bo‘yicha ham ishlarni boshlash vazifasi berildi”, — dedi Ilhom Mahkamov.
Iyun oyida Do‘stlik bekatidan Yangi Toshkentgacha bo‘lgan metro liniyasining uzunligi 21 km bo‘lishi ma’lum bo‘ldi. Yo‘nalish to‘qqizta bekatni o‘z ichiga oladi. Yangi metro liniyasi kuniga 230 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov Yangi O‘zbekiston ko‘chasi — Yangi O‘zbekiston bog‘i hamda Olimpiya shaharchasi chorrahasi bo‘ylab Yangi Toshkentga metro liniyasini qurish ishlari faol olib borilayotganini qayd etdi. May oyida Gazeta Yangi O‘zbekiston bog‘i yaqinida metropolitenning yer osti qismi qurilishi haqida reportaj e’lon qilgandi.
Odilovning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning Dogus Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihada yer usti va yer osti metro qurilishi texnologiyalari qo‘llaniladi.
Loyihani amalga oshirishga Turkiyaning Arccon Project va Rossiyaning Mosinjproyekt injiniring kompaniyalari ham jalb etilgan. E’lon qilingan lavhalarga ko‘ra, 1 km yer osti uchastkasining qiymati $8 mlnni tashkil etadi.
Avgust oyida Yangi Toshkentda metropoliten liniyasi 2026-yil oxirigacha qurilishi rejalashtirilayotgani aytilgandi. Turkiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha qiymati $110 mlnni tashkil etib, uning doirasida 8 km uzunlikdagi 3 ta bekatdan iborat metro quriladi.
Avvalroq Yangi Toshkentda qurilayotgan $100 mlnlik yer osti avtoturargohi 2026-yilda ishga tushirilishi haqida xabar berilgan edi.



