Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenini rivojlantirish rejalari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Metroni Toshkent traktor zavodi dahasigacha uzaytirish bo‘yicha tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov Chilonzor metro liniyasini Buyuk ipak yo‘li bekatidan TTZ dahasigacha uzaytirish loyihasi tahlil qilinib, boshlang‘ich nuqta sifatida Pushkina (Salar) bekati tanlanganini qayd etdi.
Prezident TTZgacha bo‘lgan yangi metro liniyasi qurilishini 15-iyundan boshlashni topshirdi. Transport vazirining qayd etishicha, qurilish ishlarini 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Mahkamov davlat rahbari huzurida bo‘lib o‘tgan taqdimotda Toshkent shahrini Yangi Toshkent bilan bog‘lovchi transport infratuzilmasini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
“Prezidentimiz Do‘stlik metrosi orqali yangi shaharni Toshkent bilan bog‘laydigan yana bir metro liniyasini qurishni topshirgandi. Taqdimotda mazkur loyiha bo‘yicha ham ishlarni boshlash vazifasi berildi”, — dedi Ilhom Mahkamov.
2023-yilning kuzida Yangi Toshkentga ikkita metro liniyasi — Buyuk Ipak yo‘li va Do‘stlik bekatlari orqali bog‘lanishi ma’lum qilingandi. Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori Davronjon Odilov yangi shaharga metroda 30−35 daqiqada yetib kelish imkoniyati yaratilishi hamda avtomobilda kelishga ehtiyoj qolmasligini qayd etgandi.
2024-yilning aprel oyida prezident Yangi Toshkent shahrining dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.
May oyida Cross Works kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida esa hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.
Avvalroq Yangi Toshkentda Markaziy Osiyoda eng yirik bo‘lgan okeanarium loyihasi qurilishi haqida xabar berilgandi. Loyiha o‘z ichiga ko‘ngilochar markazlar, savdo-maishiy xizmat obyektlari hamda to‘rt yulduzli yirik mehmonxona majmuasini oladi hamda Chirchiq daryosi bo‘yidagi 20 gektar maydonda joylashadi.