Prezidentning 2030-yilgacha temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichini 10,5 mln nafardan 23,5 mln nafarga yetkazish etib belgilandi. Elektropoyezdlar qatnovi tashkil etilgan yo‘nalishlar soni 40 tadan 53 taga yetkaziladi.
Qarorga ko‘ra, temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Transport vazirligi va O‘zbekiston temir yo‘llari'ning ustuvor vazifalari ham belgilandi.
Jumladan, uzunligi 465 km bo‘lgan va elektrlashtirish ishlari yakunlangan Buxoro-Xiva temir yo‘l liniyasi orqali 2026-yildan Toshkent-Urganch-Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovi tashkil etiladi.
Uzunligi 196 km bo‘lgan Miskin-Nukus temir yo‘lini elektrlashtirish ishlari 2026-yil yakunigacha tugatiladi. Ushbu yo‘nalishlarda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovi tashkil qilinadi.
Angren-Pop hamda Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l uchastkalarini modernizatsiya qilgan holda 2030-yilgacha Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlariga tezyurar elektropoyezdlar qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
May oyida O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev prezident Nukus-Miskin temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirishni yakunlash bo‘yicha topshiriq berganini qayd etgandi. Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovining yo‘lga qo‘yilishi qatnov vaqtini 16 soatdan 7 soatgacha qisqartirishi kutilmoqda.
Noyabr oyida davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Nurafshon — Pskent — Bo‘ka — Bekobod — Boyovut — Yangiyer va Xovos — Dashtobod yo‘nalishlarida elektrlashtirilgan yangi temir yo‘llar qurilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Qumqo‘rg‘on — Quduqli, Samarqand — Urgut va Baytqo‘rg‘on — Parkent yo‘llarini elektrlashtirish, Toshkent — Samarqand, To‘qimachi — Angren va Angren — Pop yo‘llarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Mamlakat bo‘ylab shaharlar atrofida qatnaydigan poyezdlar harakatini faollashtirish uchun mavjud 40 ta yo‘nalishga qo‘shimcha yana 15 ta yangi yo‘nalish ochish taklif qilingan edi.
Prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026-yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurilishi boshlanishi aytildi.
Avvalroq Toshkentdan Samarqand va Buxoroga qo‘shimcha Afrosiyob poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.
