O‘zbekiston ko‘chma atom stansiyalariga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda O‘zatom agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik direktori Azim Axmedxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Kurchatov instituti Milliy tadqiqot markazi rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.
Tomonlar O‘zbekistonning yadro sohasidagi salohiyatini rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarini birgalikda ilgari surishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Mamlakatga iqtisodiyot, tibbiyot va barqaror kelajakni rivojlantirishda tinch atomdan ishonchli foydalanish imkonini beruvchi yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi.
Hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri kichik modulli va ko‘chma atom stansiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘ldi.
Shu bilan birgam quyidagi yo‘nalishlar ham mavjud:
- yadro tibbiyoti va radioizotoplar ishlab chiqarish;
- sinxrotron nurlanish va neytron manbalaridan foydalanish;
- plazma fizikasi, termoyadro sintezi, yuqori energiyalar fizikasi;
- tabiatga mos va “yashil” texnologiyalar;
- atom sanoati uchun yangi materiallar va qo‘shimcha texnologiyalar;
- qo‘shma laboratoriyalar va markazlar tashkil etish;
- yuqori malakali kadrlar tayyorlash, akademik mobillik;
- noyob tadqiqot qurilmalarida tadqiqotlar o‘tkazish.
O‘zatom agentligi va Kurchatov instituti ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
“Kelishuv O‘zbekistonning yadro sohasidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz dunyodagi eng kuchli ilmiy markazlardan biriga, uning noyob tajribasi va infratuzilmasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — dedi agentlik direktori Azim Axmedxo‘jayev.
Avvalroq Yaponiya O‘zbekistonda kichik AES energiyasidan foydalanib 50 MVt quvvatli data-markaz qurishi haqida xabar berilgandi.
