O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi 2029-yilgacha qisqaradi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasidan ma’lum bo‘ldi.
Kelgusi besh yil — 2026-yildan 2030-yilgacha mamlakatda tabiiy gaz qazib olish hajmi 186,8 mlrd kub metrga yetkaziladi. Xususan, 2030-yilning o‘zida 38,7 mlrd kub metr gaz qazib olish rejalashtirilgan.
2023-yilning sentabr oyida tasdiqlangan amaldagi strategiyada gaz qazib olish hajmini 62 mlrd kub metrga yetkazish rejalari haqida so‘z boradi. Shunday qilib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadi uchdan bir qismdan ko‘proqqa kamaydi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 11 oyida gaz qazib olish 38,9 mlrd kub metrni (o‘tgan yilga nisbatan 5,1%) tashkil etdi. 2024-yil davomida qariyb 44,6 mlrd kub metr gaz qazib olindi.
Kelgusi uch yil ichida gaz qazib olishning pasayish tendensiyasi davom etishi prognoz qilinmoqda: 2026-yilda — 37,9 mlrd, 2027-yilda — 35,6 mlrd (-6%), 2028-yilda — 33,4 mlrd kub metrgacha (-6,1%). Birgina 2029-yilda gaz qazib olish oldingi yilga nisbatan 23,3% ga — 41,2 mlrd kub metrgacha oshiriladi. Biroq, undan keyinhi yilning o‘zida qazib olish 6% dan ko‘proqqa kamayadi.

Gaz qazib olish maqsadlarining bajarilishi uchun mas’ul etib Energetika vazirligi va O‘zbekneftgaz davlat kompaniyasi belgilanmoqda.
Dekabr oyi o‘rtalarida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2026-yilda O‘zbekiston Qoraqalpog‘istondagi yangi konlar hisobiga tabiiy gaz qazib olishning pasayishini to‘xtatishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, konlarning 85%i ishlatilgani sabab gaz qazib olish pasaymoqda. Biroq yangi konlar hisobiga uni to‘xtatish ko‘zda tutilgan. Xususan, Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida ochilgan yangi konning ikki qudug‘idan kuniga 3 mln kub metr gaz olinmoqda. 2025-yil oxirigacha yana 7 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgandi. SOCAR bilan geologik-qidiruv ishlari olib borilmoqda.
“Umid qilamizki, 2026 yilda [tabiiy gaz] qazib olishning keskin qisqarish tendensiyasi barqarorlashadi va yangi konlar hisobiga ta’minlanadi”, — dedi Mirzamahmudov.
So‘nggi to‘rt yilda gaz qazib olish hajmi 21,7% ga kamaygan. Sababi — strategik rejalashtirishning yetarli emasligi va faqat joriy vazifalarga e’tibor qaratish kutilgan natijalarga erishish imkonini bermagan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston yil boshidan buyon Rossiya va Turkmanistondan gaz importini maksimal darajada oshirayotgani haqida yozgandi.
