Avvalroq prezident aholining alohida turdagi iste‘mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini ta‘minlash hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga muvofiq, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar asosida O‘zbekistonga olib kiriladigan ayrim tovarlar 2026−2028-yillar davomida bojxona bojidan ozod qilinadi.
Xususan, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari hamda servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalarga boj to‘lovi qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlari uchun ehtiyot qismlar, tut daraxti urug‘i va ko‘chatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari ham bojxona bojidan ozod etiladi.
2026−2031-yillar davomida Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi hamda belgilangan barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi.
Bu imtiyoz chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi subyektlarga tatbiq etiladi.
Bunda ushbu faoliyatdan olingan daromad hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 90%ini tashkil etishi shart.
Shuningdek, har oyda har bir xodimga hisoblanadigan ish haqi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida ikki baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.
Mazkur talablar bajarilgan taqdirda soliq imtiyozi qo‘llaniladi.
Avvalroq mahalliy va xorijiy elektromobillar sotib olish uchun imtiyozli avtokreditlar ajratilishi haqida xabar berilgandi.
