O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab neft mahsulotlari, yoqilg‘i va boshqa ayrim tovarlarga aksiz solig‘i oshiriladi. Bu Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni imzolagan qonunda ko‘zda tutilgan.

Soliq kodeksiga 2026-yil uchun tasdiqlangan soliq va budjet siyosati bilan bog‘liq bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu o‘zgarishlar aksiz solig‘i stavkalariga hamda alohida mahsulotlar bo‘yicha ularni qo‘llash qoidalariga ta‘sir ko‘rsatadi.

Oziq-ovqat va ichimliklar

Tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun aprel oyidan boshlab 100 millilitrdagi shakar miqdoriga qarab aksiz solig‘ining progressiv stavkasi qo‘llaniladi:

  • 5 grammgacha — bir litri uchun 500 so‘m;
  • 5 grammdan 10 grammgacha — bir litri uchun 515 so‘m;
  • 10 grammdan ortiq — bir litri uchun 535 so‘m.

Agar ichimlik qadog‘ida shakar miqdori ko‘rsatilmagan bo‘lsa, unga eng yuqori stavka bo‘yicha aksiz solig‘i solinadi.

Shakar o‘rnini bosuvchi ichimliklar uchun aksiz solig‘i uchdan ikki baravarga, ya‘ni hozirgi bir litr uchun 300 so‘mdan 500 so‘mga oshiriladi. Energetik ichimliklar uchun stavka 7,5%ga — bir litri uchun 2000 so‘mdan 2150 so‘mgacha ko‘tariladi.

Shuningdek, bu yil bahorda chipslar — “iste‘mol qadog‘ida qovurilgan yoki quritilgan, yupqa to‘g‘ralgan, tarkibida kartoshka yoki uning ta‘mini beruvchi qo‘shimchalar bo‘lgan mahsulotlar” uchun soliq joriy etiladi. U ishlab chiqaruvchilar uchun ham, import qiluvchilar uchun ham bir kilogrammi uchun 15 ming so‘mni tashkil etadi.

Yoqilg‘i

Tabiiy gaz uchun aksiz solig‘i o‘zgarishsiz qoladi — 12%. Neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gaz uchun stavkalar o‘rtacha 7%ga oshiriladi (batafsil ma‘lumot jadvalda keltirilgan):

Tovar
(o‘lchov birligi)
1-yanvardan amal qiladigan stavka, so‘m

1-apreldan amal qiladigan stavka, so‘m
Neft mahsulotlari:
benzin AI-80 va undan yuqori (1 tonna uchun)
375 000
402 000
benzin AI-91 va undan yuqori (1 tonna uchun)
335 000
360 000
avia kerosini, sintetik turidan tashqari (1 tonna uchun)
300 000
321 000
dizel yoqilg‘isi (1 tonna uchun)
360 000
385 000
dizel yoqilg‘isi Eco (1 tonna uchun)
325 000
348 000
dizel va injektorli dvigatellar uchun motor moyi (1 tonna uchun)
510 000
546 000
Yakuniy isteʼmolchiga sotiladigan tovar:
benzin AI-80 va undan yuqori
(1 litr / 1 tonna uchun)
525
562
700 000
750 000
benzin AI-91 va undan yuqori
(1 litr / 1 tonna uchun)
470
505
621 000
665 000
dizel yoqilg‘isi
(1 litr / 1 tonna uchun)
525
562
635 000
680 000
suyultirilgan gaz
(1 litr / 1 tonna uchun)
525
562
1 000 000
1 070 000
siqilgan gaz (1 kub metr uchun)
750
805

Iqtisodiyot va moliya vazirligi noyabr oyi oxirida e‘lon qilingan budjet murojaatnomasida chipslarga aksiz solig‘ini joriy etish va shirin ichimliklar uchun to‘lovni oshirish taklifini kiritgandi. Vazirlik bu taklifni sog‘lom ovqatlanishni qo‘llab-quvvatlash va ortiqcha vaznga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalarga asoslanib berganini ta‘kidladi.

Spot, avvalroq, biznes uchun mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyoz shartlari qatʼiylashtirilayotgani haqida yozgandi.