O‘zbekistonda 2025-yilning 7 oyi davomida jami 165 210 nafar haydovchiga jarima ballari qo‘llanilgan. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Yo‘ldoshevning Spot’ga ma’lum qilishicha, uch nafar haydovchida 7,5−8 jarima balli mavjud. Yana ikkitasida 6,5−7 ball, 12 nafar haydovchida esa 5,5−6 ball bor.

Asosiy qismi — 165 193 nafari 0,5−5 ballgacha jami ballarini to‘plagan haydovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025-yilning oxirgi ikki oyida 50 mingdan ortiq haydovchi jarima ballarini olgan.

“Biz ularga qo‘ng‘iroq qilib, „Xabaringiz bormi, sakkiz [jarima] ball olgansiz, 12 ball to‘plasangiz haydovchilik guvohnomasidan [yarim yilga] mahrum bo‘lasiz“, desak, fuqaro „Ha, xabarim bor, mashinamni allaqachon garajga qo‘yganman, haydamayapman“, deb javob berdi”, — dedi u.

YHXBB matbuot kotibi 2026-yil 1-apreldan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishini eslatib o‘tdi. Hozirda ballar faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi.

Ballar suratga olish vaqtida avtomobilni kim boshqarganiga qarab taqsimlanadi. Agar qoidabuzarlik avtomobil egasi tomonidan emas, balki boshqa haydovchi tomonidan (ishonchnoma, OSAGO sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi bo‘yicha) sodir etilgan bo‘lsa, aynan shu haydovchi ball oladi.

Haydovchilar uchun jarima ballari

2025-yilning fevral oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Mart oyi oxiriga kelib, IIV qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Jarayon 4-aprelgacha davom etdi. Loyihda jarima ballari 1-maydan kuchga kirishi belgilangandi. Biroq, jarima ballarining hisoblanish tartibi qonun loyihasi qabul qilingandan keyin kuchga kirishi ma’lum qilindi.

May oyida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari tasdiqlangandi. Agar haydovchi 12 oyda qoidalarni buzmasa, keyingi davrda birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima bali hisoblanmaydi. Ballar bir yilda 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi.

Avvalroq Spot O‘zbekistondagi 5 ta yirik aeroport modernizatsiya qilinadi va xususiy boshqaruvga berilishi haqida yozgandi. 2030-yilgacha har yili kamida bitta aeroport DXSH asosida xususiy operator boshqaruviga topshirish rejalashtirilmoqda.